Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” Xalqaro anjumanlar saroyida 15 aprel – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unga musiqa, adabiyot, xoreografiya, kino, teatr, tasviriy san’at,  musiqa ta’limi sohasi, ommaviy axborot vositalari xodimlari taklif etildi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri Ozodbek Nazarbekov bizning jahon sahnalarida munosib tarzda namoyish eta oladigan, yillar davomida sayqallangan betakror san’atimiz borligini ta’kidladi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda milliy san’atimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, unga e’tiborni kuchaytirishga oid ishlar yangi bosqichga kirdi. Bunda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan huquqiy hujjatlar, ijod ahlining fikr-mulohazalarini, amaliy takliflarini inobatga olgan ilg‘or tashabbuslarning qabul qilinayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan g‘oya asosida Madaniyat va turizm vazirligi tashkil etilib, uning tarkibiga sohaga bevosita daxldor ijodiy va jamoat tuzilmalarining jamlangani san’at va madaniyat yo‘nalishidagi sa’y-harakatlarning natijadorligini oshirishda yangi imkoniyatlarni ochishi shubhasiz.

O‘tgan vaqt mobaynida madaniyat muassasalari, bolalar musiqa va san’at maktablarini zarur musiqa cholg‘ulari, innovatsion texnik vositalar bilan ta’minlash borasida muayyan ishlar bajarilmoqda. Vazirlik tomonidan bir qator ijodiy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Yangi O‘zbekiston yulduzlari” tanlovi san’atning turli yo‘nalishlarida samarali mehnat qilayotgan ijodkorlarni aniqlash imkonini berdi. Shu kunlarda “Yulduzli madaniyat karvoni” musiqiy dasturi mamlakatimiz  bo‘ylab yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda ijod ahli uchun yaratilayotgan sharoitlardan unumli va oqilona foydalanish soha ravnaqi uchun yangi istiqbollarni ochishi shubhasiz.

Tantanali tadbirda “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni san’atning turli yo‘nalishlarida mehnat qilayotgan ijodkorlarga topshirildi. Shu bilan birga Yunus Rajabiy nomidagi “Yosh maqom ijrochilari” respublika tanlovida g‘olib bo‘lgan ijrochilar taqdirlandi.

– Keyingi yillarda yurtimiz va xorijda ijodiy safarlarda bo‘lish uchun sharoitlar yaratilmoqda, – dedi Namangan viloyati musiqali drama teatri aktyori, “Madaniyat va san’at” ko‘krak nishoni sohibi Bahodir Jo‘rayev. – Yangi-yangi spektakllar sahna yuzini ko‘rmoqda. Jumladan, Ishoqxon To‘ra Ibrat hayoti haqida hikoya qiluvchi “Ibrat” spektakli tayyorlandi. Nurullo Abbosxon qalamiga mansub ushbu asar  rejissyor Shuhrat Abdullayev tomonidan sahnalashtirilgan. Bu spektakl tomoshabinlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.

Tantanali tadbirda san’at ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida katta konsert dasturi namoyish etildi.

Nazokat Usmonova, O‘zA