Hindiston O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardandir. O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida 1992 yil 18 martda diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi hujjat imzolangan. O‘tgan davrda hamkorligimiz o‘zaro hurmat va ishonch asosida izchil rivojlanmoqda.

Toshkent davlat yuridik universitetida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Dehli universiteti va Hindistonning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan xalqaro tadbir Hindiston Konstitutsiyasining o‘zbek tilidagi ilk nashri taqdimotiga bag‘ishlandi.

Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati xabar berdi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov mamlakatimizda konstitutsiyaviy islohot jarayonlari davom etayotgan hozirgi vaqtda Hindistonning bu boradagi tajribasidan foydalanish muhimligiga e’tibor qaratdi. Jumladan, Hindistonning konstitutsiyaviy doktrinasida Konstitutsiya ustunligi, davlatning respublika boshqaruviga asoslangan demokratik shakli, davlatning dunyoviy ekanligi, hokimiyatlarning taqsimlanishi prinsipi, shaxsning erkinligi va qadr-qimmati, millatning birligi va yaxlitligi, ijtimoiy va iqtisodiy adolat konsepsiyasi, erkin va adolatli saylov asoslari belgilab berilgan. Bu muhim huquqiy tamoyillar yangilanayotgan O‘zbekiston Konstitutsiyasi uchun ham asosiy qadriyatlar hisoblanadi.

O‘z davrida Hindiston Konstitutsiyasini ishlab chiqishda dunyoning bir qator Konstitutsiyalari qiyosiy o‘rganilgan va ulardan ijobiy foydalanilgan. Bunda huquqiy institutlarning mohiyatiga ehtiyotkorlik bilan yondashilgani va ularning tizimi sinchkovlik bilan ishlab chiqilgani, o‘z navbatida, Hindiston Konstitutsiyasining ko‘plab xorijiy davlatlar Konstitutsiyalari uchun namuna vazifasini o‘tashida muhim omil bo‘ldi.

Hindiston Konstitutsiyasining o‘zbek tiliga ilk tarjimasi loyiha rahbari, yuridik fanlar doktori, professor Omonulla Muhammadjonov, tarjima ishlarini bevosita tashkil qilgan va amalga oshirgan tarjimonlar guruhi rahbari Nodir Ramazonov, tarjimonlar – Odilbek Irisqulov, Mahbuba Rasulova, Nozima Normurodovaning sa’y-harakatlari va ikki yillik tinimsiz mehnati evaziga amalga oshirildi.

Hindistonning O‘zbekistondagi elchixonasi loyihani moliyaviy va ilmiy tomondan qo‘llab-quvvatladi. Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Manish Prabhat janoblarining bu borada ko‘rsatgan yordami, ayniqsa, katta bo‘ldi.

Hindiston Konstitutsiyasining o‘zbek tilidagi nashri avvalo yosh avlod – bo‘lajak huquqshunoslar uchun mo‘ljallangan. Boshqa davlatlar konstitutsiyaviy huquqi qatorida Hindiston konstitutsiyaviy huquqini o‘rganish va O‘zbekiston tajribasi bilan qiyoslash yosh huquqshunoslar uchun huquqiy tafakkurning yangi ufqlarini ochishi shubhasiz.

Taqdimotda, shuningdek, Hindiston Konstitutsiyasining o‘zbek tilidagi ilk nashri ikki mamlakat olimlari o‘rtasidagi keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar uchun yangi loyihalarga yo‘l ochishi alohida ta’kidlandi.

O‘zA