Ma’lumki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lgan imkoniyat va qulayliklar nazarda tutilmoqda. Erishilgan yutuqlar, huquq va erkinliklardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham emin-erkin foydalanishi uchun, bularni Konstitutsiyada muhrlab qo‘yish lozim bo‘ladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada belgilanayotgan fuqarolarning kafolatlangan huquqlari va imkoniyatlari xususida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oltinoy Mamirova quyidagilarni ma’lum qildi:

–Mamlakatimizda inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda olib borilayotgan islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Natijada, mamlakatda aholining kambag‘allik darajasi 14 foizgacha qisqartirildi. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida ushbu ko‘rsatkichni ikki baravarga kamaytirish maqsad qilingan.

Shu boisdan, ushbu islohotlar yangi tahrirda qabul qilinayotgan Konstitutsiyamizda alohida norma bilan belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik – davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilanmoqda.

Xususan, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlarni olmoqda. Eng muhimi yaratilayotgan ish o‘rinlari uchun mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zaruratini hisobga olgan holda belgilanishi, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi qat’iy belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, Bosh qomusimizda har kimning uy-joyli bo‘lish huquqi kafolatlanmoqda. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning o‘z boshpanasiga ega bo‘lishini ta’minlab, fuqarolarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanishi kafolatlanmoqda.

Ushbu normaning Konstitutsiya darajasida muhrlab qo‘yilishi, ayrim qonunlarda belgilangan talablarni noto‘g‘ri talqin qilib, fuqarolar va tadbirkorlarning uy-joy va ko‘chmas mulklarini ularning roziligini olmasdan buzadigan mansabdor shaxslar faoliyatiga to‘laqonli chek qo‘yilishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyada fuqarolarning kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanishiga oid qator normalar ham loyihaga kiritilgan. Xususan, loyihada aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘paytirilmoqda. Bu aholi sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etish hamda onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda muhim ahamiyatga egadir.

Xulosa qilib aytganda, yuqoridagi kabi normalarning hayotimizga to‘laqonli tatbiq etilishi barchamizning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumdagi faolligimizga bog‘liq. Shu bois, har birimiz o‘z huquqimiz, erkinligimiz va kelajagimiz uchun ovoz berishimiz darkor.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA