Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vakili Ketrin Tay xonim boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga tashrif buyurdi. Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri L. Qudratov hamrohlik qildi.

Mehmonlar viloyat hokimi va viloyatning yirik ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash va boshqa dolzarb masalalar xususida fikr almashildi.

Viloyat hokimi E. Turdimov mehmonlarni tashrif bilan qutlab, O‘zbekiston – Amerika Qo‘shma shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanib borayotganligini, Ketrin Tay xonimning tashrifi ushbu jarayonni yangi bosqichga olib chiqishga ko‘maklashishini qayd etdi. Shuningdek, ayni paytda hamkorlikni rivojlantirishda birinchi navbatda turizmni rivojlantirish zarurligini ta’kidladi.

– O‘zaro hamkorlik sohasida turizm eng maqbul soha, – dedi viloyat hokimi Erkinjon Turdimov. – Chunki bunda tomonlarda alohida majburiyat bo‘lmaydi. O‘zbekiston turizm uchun bugungi kundagi eng yaxshi hududlardan biri, deb bilaman. Eng avvalo, yurtimizdagi tinchlik, xotirjamlik turizmning muhim talablaridan biri. O‘zaro turizm aloqalarining sustligi amerikaliklar O‘zbekistonni yaxshi bilmasligidir. Shuning uchun targ‘ibotni kuchaytirsak, O‘zbekiston – AQSH o‘rtasida turizm rivojlanadi. Turizm rivoji xalqlarimizning bir-birini tanishiga xizmat qiladi. Bu o‘z-o‘zidan tadbirkorlarning o‘zaro hamkorligini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bizning bugungi kundagi eng asosiy vazifalarimizdan biri biznes sohasi vakillarini bir-biriga yaqinlashtirish uchun sharoit yaratishdan iborat. Shunda iqtisodiy hamkorlik bugungi kun talabiga mos rivojlanadi. Bunda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishimiz ham muhim, albatta. O‘ylaymanki, bu jarayonda AQSH bizga hayrihoxlik bildiradi.

O‘z navbatida Amerika Qo‘shma Shtatlari Savdo vakili Ketrin Tay xonim Samarqandga tashrifidan mamnunligini bildirib, samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, savdo- iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uning eng muhim vazifalaridan biri ekanligini qayd etdi.

Muloqot davomida hamkorlikni amalga oshirishda bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi. Jumladan, samarqandlik tadbirkorlar amerikalik tadbirkorlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdagi bojxona, viza bilan bog‘liq muammolarni o‘rtaga tashladi. Hamkorlikni rivojlantirishdagi fikr-mulohazalar asosida kelgusi rejalar belgilanishi ma’lum qilindi.

Samarqandga tashrifi davomida mehmonlar qadimiy shahardagi tarixiy obidalar va boshqa diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.

Qadimiy Siyob dehqon bozorida bo‘lib, Sharq shirinliklari, quruq mevalar, hunarmandchilik mahsulotlari va non rastalari bilan yaqindan tanishdi.

Registon maydonida bo‘lgan delegatsiya a’zolari xalqimizning betakror tarixiy durdonasini katta qiziqish bilan tomosha qildi. Uning yaratilish tarixi, o‘ta aniqlik bilan amalga oshirilgan qurilish ishlari mehmonlarning hayratini oshirdi.

– Samarqand sayohati meni behad xursand qildi, – dedi Ketrin Tay xonim. – Birinchidan, men bu zaminga kelib tarix haqidagi bilmmlarimni boyitdim. Ayniqsa, qadimdan dunyo savdo-sotiq munosabatlarida muhim o‘rin tutgan Buyuk ipak yo‘li tarixi, uning mamlakatlar o‘rtasida tutgan o‘rni haqida yetarli ma’lumotlarga ega bo‘ldim. Samarqandning tarixiy obidalarida bo‘lib, bu zamin eshitganlarimga haqiqatda mos ekanligiga amin bo‘lgan bo‘lsam, qadimiy Siyob bozorida bo‘lib, bugungi jarayonni kuzatib, hozir ham Samarqand qadimiy o‘rnini yo‘qotmaganini his etdim. Maqsadim O‘zbekiston-AQSH munosabatalarini yana rivojlantirishda qaysi sohalarga e’tibor qaratish lozim, degan savolga javob topishdan iborat. Albatta, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bu yo‘ldagi muhim qadam, deb bilaman. Biz bu borada ularni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Bugungi uchrashuvimizda yirik korxonalar vakillarining ishtirokidan xursand bo‘ldim. Shu o‘rinda ko‘pdan beri meni o‘ylantirayotgan taklifni o‘rtaga tashlamoqchiman. Bizning iqtisodiy hamkorligimiz yangi bosqichining debochasi ma’lum bir sohada qo‘shma sanoat tizimini ishlab chiqishimiz bo‘ladi, deb o‘ylayman. Turizm sohasi buning uchun eng muhim soha. Bu g‘oya ikki oycha oldin Las-Vegasda tadbirkorlar bilan uchrashuvimda tug‘ilgan edi. Ular ham asosan xizmatlar sohasi eksportini amalga oshiradi.

Bilasiz, butun dunyodan bu yerga millionlab turistlar tashrif buyuradi. Bugungi kuzatuvlarimdan bildimki, Samarqand ham dunyo ahli jam bo‘ladigan muhim turistik shaharlardan biriga aylanibdi. Bu sohadagi hamkorlik ikkala tomon uchun ham manfaatli bo‘ladi.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari