Milliy qadriyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan kurash bo‘yicha Eron poytaxti Tehron shahrida o‘tkazilgan navbatdagi qit’a chempionati tarixga aylandi.
Tehrondagi muhtasham “Azadi” sport majmuasida tashkil etilgan chempionat haqiqiy kurash bayramiga o‘z jozibasi, tayyorgarligi bilan alohida ajralib turdi.
13-Osiyo chempionatida g‘oliblik uchun kurash olib borgan amaldagi qit’a va jahon chempionlari, Osiyo o‘yinlari sovrindorlari, umidli yoshlar ishtirokidagi har bir bellashuv tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Chempionat bellashuvlarini Xalqaro kurash assotsiatsiyasining 25 nafar tajribali hakami boshqarib bordi.
Shiddatli bahslar sarhisobiga ko‘ra, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi musobaqalarda 8 ta oltin, 5 kumush va 1 ta bronza medaliga ega chiqqan kurash vatani – O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 3 ta oltin, 8 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Eron terma jamoasi 2-o‘rin, 2 ta oltin, 3 ta bronza medaliga musharraf bo‘lgan Xitoy Taypeyi terma jamoasi 3-o‘rin sohibi bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi 8 ta vazn toifasida o‘tgan qit’a chempionati bellashuvlarida o‘zbekistonlik kurashchi qizlar 3 ta oltin va 4 ta kumush medal bilan 1-o‘rinni band etdi. 2 ta oltin, 3 ta kumush, 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan eronlik kurashchi qizlar umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2 ta oltin, 3 bronza medali bilan Xitoy Taypeyi terma jamoasi 3-o‘rin bilan kifoyalandi.
Erkaklar o‘rtasidagi medallar taqsimotida 5 ta oltin, 1 kumush 1 bronza medali bilan O‘zbekiston 1-o‘rinni, 1 ta oltin, 5 ta kumush va 1 bronza medali bilan eronlik kurashchilar 2-o‘rinni, 1 tadan oltin va kumush, 3 ta bronza medali bilan tojikistonlik kurashchilar 3-o‘rinni band etdi.
Shuningdek, chempionat davomida sovrinli o‘rinlarni egallagan Iroq, Turkmaniston, Afg‘oniston, Koreya Respublikasi, Hindiston va IKA qochoqlar jamoasi kurashchilari o‘z yurtlariga Osiyo chempionati sovrindori sifatida qaytish baxtiga ega bo‘ldi.
Vatanimiz sharafini munosib himoya qilish bilan birga, kurashning xalqaro rivojiga munosib hissa qo‘shgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi 12 iyun kuni Toshkentga qaytib keladi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA