Rahbar kadrlar tayyorlashning Singapur tajribasi o‘rganilmoqda
Singapur – innovatsion boshqaruv yondashuvlari va davlat organlari uchun malakali kadrlar tayyorlashning samarali tizimi bilan mashhur.
O‘zbekistonda shunday ilg‘or tajribalarni o‘rganish va amaliyotda qo‘llashga e’tibor qaratilmoqda.
Davlat boshqaruvi akademiyasida «Markaziy va mahalliy davlat boshqaruvi organlari uchun rahbar kadrlar tayyorlashning Singapur tajribasi» mavzusida o‘tkazilgan davra suhbati shu maqsadda tashkil etildi.
Tadbirda Singapurda innovatsiyalarga yo‘naltirilgan ta’lim tizimi orqali rahbar kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yilgani muvaffaqiyat qozongani ta’kidlandi.
Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi davlat xizmatchilarining salohiyatini yuksaltirish borasida o‘ziga xos tajribaga ega. Buning asosiy jihatlaridan biri, ta’lim dasturlaridir. Bunda, Singapur davlat boshqaruvi rahbarlarini tayyorlash uchun ko‘plab ta’lim dasturlarini, shu jumladan, yetakchi universitetlarning dasturlarini va davlat boshqaruvi va yetakchilik bo‘yicha ixtisoslashgan kurslar qamrab olingan.
O‘qitish strategik fikrlash, o‘zgarishlarni boshqarish, muloqot qobiliyatlari va noaniq muhitda qaror qabul qilish ko‘nikmasini rivojlantirishga ham qaratiladi.
Texnologiyalardan foydalanish, amaliy tadqiqotlar, xalqaro amaliyot va boshqa mamlakatlar bilan tajriba almashish faol yo‘lga qo‘yilgan.
Kasbiy rivojlanishda rasmiy ta’limdan tashqari seminarlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar orqali rahbarlarning doimiy malakasi oshirib boriladi.
Etika va oshkoralik – muhim jihat. Davlat boshqaruvidagi axloq va shaffoflikka alohida e’tibor qaratiladi. Bu kelajakdagi rahbarlar uchun ta’lim dasturlari va treninglarida o‘z aksini topadi.
Umuman olganda, Singapurning davlat boshqaruvi uchun yetakchilarni tayyorlash bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribasi ta’limga kompleks yondashuv, kompetensiya va innovatsiyalarga, shuningdek, boshqaruvdagi axloq va shaffoflikka e’tibor berish bilan bog‘liq.
Davra suhbatida shu kabi va boshqa jihatlar haqida fikrlashildi. Ilg‘or tajribalarni nafaqat o‘rganish, balki amaliyotda qo‘llash samarali bo‘lishi qayd etildi.
N.Abduraimova, Nosir Haydarov (surat), O‘zA