KOICA O‘zbekistondagi loyihalarini kengaytirish niyatida

363

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasida diplomatik aloqa 1992 yil yanvar oyida o‘rnatilgan. Ayni payt davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik Strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan.

O‘tgan davr mobaynida Janubiy Koreya mamlakatimiz uchun vaqt sinovida toblangan ishonchli do‘st, hamkor davlatga aylandi va bugungi kunda tashqi savdo sheriklarimiz safida yuqori o‘rinlardan birini egallagan.

Hozirgi kunda ikki yurt oliy, kasb-hunar va maktabgacha ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamlashtirish, yashil energetika, mehnat munosabati singari o‘nlab sohalarda samarali hamkorlik qilmoqda.

Xususan, Koreya Respublikasining xalqaro hamkorlik masalalarini muvofiqlashtiruvchi tuzilma – KOICA bilan ko‘plab samarali loyihalar hayotga tatbiq etmoqda. Ayni yo‘nalishdagi texnik hamkorlik doirasida O‘zbekistonga beg‘araz asbob-uskuna taqdim etish, mutaxassislar, xodimlarni xorijda o‘qitish, koreys ekspertlari va ko‘ngillilarni diyorimizga olib kelish yo‘lga qo‘yilgan.

Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) texnik yordam ko‘rsatish, xalqaro miqyosda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va hamkor davlatlar bilan sheriklikni mustahkamlash orqali grant yordami dasturlarini amalga oshirish uchun mas’ul davlat idorasi hisoblanadi. Tuzilma 51 davlat bilan aloqa o‘rnatgan, 47 mamlakatida vakolatxonasiga ega.

– 1995 yil faoliyat boshlagan jamoamiz O‘zbekiston hukumati ko‘magida jami 210 million dollarlik 45 loyiha va dastur asosida ish olib bormoqda, – deydi O‘zbekistondagi KOICA vakolatxonasi direktori Shin Myong Sop. – Bu Markaziy Osiyoda eng yuqori ko‘rsatkich. Tabiiyki, hamkorlik ko‘lamini yanada kengaytirish, har yili O‘zbekistonga texnik yordam byudjetini oshirish niyatidamiz.

Vakolatxona faoliyati Koreya hukumati Taraqqiyotga rasmiy yordam davlat hamkorlik strategiyasi va KOICAning O‘zbekiston bo‘yicha rejasiga muvofiq amalga oshiriladi. Ayni payt yoshlar uchun ta’lim va ko‘nikmani rivojlantirish, salomatlik, suvdan samarali foydalanish, davlat boshqaruvi (elektron hukumat), yashil iqtisodiyot, iqlim o‘zgarishi, ko‘ngillilar va ekspertlarni joylashtirish, magistrlik va doktorlik stipendiyasi dasturi kabi ustuvor yo‘nalishlar e’tibor markazida.

“World Friends Korea” dasturi doirasida koreys tilini o‘rganish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, sport bo‘yicha 600 nafarga yaqin ko‘ngilli koreys mutaxassislari yurtimizdagi hamkor tashkilotlarda ishlamoqda.

Bundan tashqari KOICA tomonidan tashkil etilgan qisqa va uzoq muddatli o‘quv dasturlarida shu kungacha mamlakatimiz davlat idoralarining 2250 xodimi tahsil oldi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mahalliy muassasalar bilan birga 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan istiqbolli hamkorlik loyihalarini ishlab chiqmoqda. Jami 150 million dollar qiymatga ega 20 ga yaqin taklif ko‘rib chiqilyapti.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston – Koreya munosabati o‘zaro qat’iy ishonch asosida alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan. Bu ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, yaqin va samimiy do‘stligi hosilasidir.

Davlatimiz rahbari taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yol 13-15 iyun kunlari respublikamizga davlat tashrifini amalga oshiradi. Mazkur voqea mavjud hamkorlikkni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish uchun muhim zamin yaratishi shubhasiz.

Go‘zal Sattorova, O‘zA