Mukofot jamg‘armasi 166 ming AQSH dollaridan iborat bo‘lgan «Uzchess Cup-2024» turnirining 7-tur ostonasida «Masters» guruhida g‘oliblik uchun kurash kimlar o‘rtasida kechishi deyarli ma’lum bo‘lib qoldi.

Kecha bo‘lib o‘tgan 6-turda ushbu guruhdagi 5 ta o‘yinning 1 tasida g‘alaba, 4 tasida murosa yo‘li tanlandi.

Toshkent musobaqalarining shiddatli kechgan o‘yinida Nodirbek Abdusattorov qora donalarda xitoylik Yu Yang Yini mag‘lub etdi. Qolgan barcha uchrashuvlarda tomonlar durangga ega bo‘ldi. Bu esa Yoqubboyev va Abdusattorovning 4 ochkoli bo‘lishini, Javohir Sindorov 3,5 ochko hamda Yu Yang Yi, Aleksey Sarana va Richard Rapport 3 ochko bilan sovrinli o‘rinlarga nomzod ekanini ko‘rsatmoqda.

«Challengers» guruhida turnir jadvalini 4,5 ochko bilan serbiyalik grossmeyster Aleksandr Indjich boshqarib bormoqda. Yetakchidan yarim ochko ortda qolgan hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

«Futures» guruhlarining poyoniga yetgan 6-tur o‘yinlaridan so‘ng guruhlardagi vaziyat deyarli o‘zgarmadi. Yetakchilar o‘z o‘rinlarini mustahkamlab olishga erishdi. Muhammadzohid Suyarov 5 ochko bilan turnir jadvalini boshqarayotgan bo‘lsa, Muhiddin Madaminov va Saidakbar Saidaliyev 4 ochko bilan g‘oliblik yo‘lida kurash olib bormoqda.

Bugun, 12 may kuni «Masters» guruhida o‘tadigan 7-tur bahslarida Vidit Santosh Gujrat – Aleksey Sarana, Abdusattorov – Richard Rapport, Parham Magsudlu – Yu Yang Yi, Shahriyor Mamedyarov – Grishuk va Yoqubboyev – Sindorov o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

Yakunlanishiga 3 tur qolganda 4 ochkoga ega Yoqubboyev va Abdusattorovning turnirdagi o‘ziga xos «poygasi» Javohir Sindorovning yetakchiga aylanishiga olib kelarmikan? Ushbu savol muxlisu mutaxassislarni qiziqtirayotgani bor gap.

Ammo voqealar rivojidan oldinga o‘tib aytish lozimki, 7-turda o‘tadigan Abdusattorov – Richard Rapport hamda Yoqubboyev – Sindorov qarama-qarshiligidagi o‘yinlarda Nodirbek Abdusattorov g‘alabaga erishsayu, keyingi juftlikdagi Yoqubboyev – Sindorov bahsida durang qayd etilsa, Abdusattorov yetakchilikka ega bo‘lib olishi ehtimoldan yiroq emas. Lekin murakkab vaziyatda Sindorov muvaffaqiyat qozonib, har ikki Nodirbeklar 7-turda imkoniyatni boy bersa «Uzchess Cup-2024» musobaqasida g‘oliblik uchun kurash Abdusattorov, Sindorov va Yoqubboyev o‘rtasida so‘nggi turgacha davom etishiga olib kelishi bilan ahamiyatlidir.

Eslatib o‘tamiz, 9 turdan iborat «Uzchess Cup-2024» turniri 14 iyunga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA