Joriy yilning 24 martida davlatimiz rahbari raisligida davlat mulkini xususiylashtirish ishlarining ijrosi va bu borada joriy yilgi rejalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda so‘nggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat aktivlarini xususiylashtirish orqali xususiy mulkchilikni kengaytirish, samarasiz ishlayotgan va istiqbolsiz korxonalarni tugatish yuzasidan tizimli islohotlar olib borilayotgani, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.

Ushbu vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qaror mazmun-mohiyati va ijrosi doirasida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktor o‘rinbosari Alisher Miraliyev kuyidagilarni so‘zlab berdi.

– Shuni alohida ta’kidlash joizki, ushbu xususiylashtirish dasturi avvalgi dasturlardan o‘zining ko‘lami, xususiylashtiriladigan aktivlarning soni va xalqchilligi bilan farq qiladi. Xususan, 1 ming 1 ta korxonadagi davlat ulushlari ommaviy savdoga chiqariladi.

Bunda iqtisodiyotni yanada liberallashtirish, tadbirkorlik sub’ektlariga teng shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yanada rivojlantirish maqsadida ushbu korxonalarga berilgan eksklyuziv huquqlar xatlovdan o‘tkazilib, bekor qilish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Ma’lumot uchun, sotuvga chiqariladigan aksiya (ulushlarning) nominal qiymati 5,3 trillion so‘mga teng. Shuningdek, 1 ming 46 ta ko‘chmas mulk ob’ektlari ommaviy savdolarga qo‘yiladi.

E’tiborli jihati, bu galgi xususiylashtirish dasturini tayyorlashda ko‘chmas mulk ob’ektlarining infratuzilma bilan ta’minlangani, aholi punktlariga yaqinligi va jozibadorligi, jumladan ulardan foydalanishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimizning topshiriqlariga ko‘ra, ushbu korxonalarni savdoga chiqarishni tezlashtirish maqsadida xatlov va baholash ishlari boshlab yuborilgan. Shu bilan birga, yangi kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ob’ektlarni sotishga tayyorlash muddati 80 kundan 48 kunga qisqartiriladi hamda 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan ob’ektlarni fuqarolarning buyurtmasi asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoga chiqarishga ruxsat beriladi. Qolaversa, 40 ta korxonaning aksiya paketlari bilan “Bitta aksiya – bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsi o‘tkaziladi.

Davlat ishtirokidagi korxonalarning aksiyalari bilan xalq IPOsini o‘tkazishdan asosiy maqsad ushbu jarayonlarga iloji boricha aholining keng qatlamini jalb qilish, aholi uchun qo‘shimcha daromad manbaini yaratish, ularda mulkdorlik hissini uyg‘otish hamda yirik korxonalarning faoliyati ochiqligi va jamoatchilik nazoratini o‘rnatish hisoblanadi.

Shu o‘rinda, “Bitta aksiya — bitta lot” tamoyili asosida xalq IPOsini o‘tkazish taklif etilayotgan korxonalar ularning daromadliligi, o‘ziga xos tarixga ega ekani, aholida ularning faoliyati to‘g‘risida tushuncha borligi hamda xalqaro reytingga ega bo‘lish va xalqaro fond birjalariga chiqish bo‘yicha rejalariga qarab tanlab olingan.

Hozirgi vaqtga kelib xalqimizga ko‘rsatilayotgan har bir xizmat raqamlashayotganini, shu bilan sarsongarchilik oldi olinayotgani, ko‘rsatilayotgan xizmatning sifati oshayotganligini  ko‘rishimiz mumkin.

Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi. Nima uchun aksiyalarga buyurtmalarni “E-auksion” elektron savdo platformasi orqali amalga oshirilishi belgilandi?

Hozirda fond birjasida qimmatli qog‘ozlarni sotib olish uchun buyurtma berish yoki boshqa operatsiyalarni amalga oshirish uchun qonunchilik talablariga ko‘ra, investitsiya vositachisini yollash, jismoniy shaxslar tomonidan bevosita investitsiya vositachisi bilan yozma shartnoma tuzish, pasport ma’lumotlarini taqdim etish, u ko‘rsatgan hisob-raqamga mablag‘larni ko‘chirish va mablag‘larni olish uchun hisob-raqamni ko‘rsatish talab etiladi.

Fond bozoridagi operatsiyalarni ta’minlovchi Yagona dasturiy texnik kompleks investorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri 24 soat onlayn buyurtmalarni berish imkoniyatini yaratib bera olmaydi. Hozirda fond bozorida investorlarni (mijozlarni) onlayn rejimda identifikatsiyalash imkoniyati mavjud bo‘lmagani sababli aholiga yozma shartnomalar tuzish, pasport nusxasini taqdim etish, hisob-raqamlarni taqdim etish, imzo qo‘yish kabi noqulayliklarni keltirib chiqaradi.

Ushbu imkoniyatlarni yaratish uchun qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish, fond bozorining dasturiy ta’minotini takomillashtirish ko‘p vaqt va qo‘shimcha mablag‘ talab etadi.

Vaholanki, “E-auksion” keyingi yillarda aholi orasida eng ommalashgan savdo platformasi sifatida o‘z o‘rniga egaligi bilan ham ahamiyatlidir. Hozirda “E-auksion” elektron savdo platformasida, shu jumladan mobil ilovasi orqali investorlarni (mijozlarni) real vaqt rejimida identifikatsiya qilish, mol-mulkini sotish yoki olish bo‘yicha shartnoma tuzish va bunda aholidan oferta shartlariga elektron rozilik berishdan boshqa hech qanday ortiqcha hujjatlar talab etilmaydi.

Yana bir misol, “E-auksion” elektron savdo platformasidagi ishtirokchilar soni oxirgi 5 yilda 60 barobar, sotilgan mulklar esa qariyb 100 barobar oshdi. Fond birjasining saytiga (uzse.uz) bir kunda o‘rtacha  400-500 nafar yoki 2022 yilda jami 113 ming nafardan ortiq shaxs tashrif buyurgan bo‘lsa, “E-auksion” elektron savdo platformasiga bir kunda 25-30 ming yoki 2022 yilda 4,3 million nafardan ortiq shaxs tashrif burgan.

Bunda bevosita savdolarda ishtirok etgan shaxslar soni 2022 yilda 1,3 million nafarni tashkil etgan. Qaror bilan “E-auksion” elektron savdo platformasini takomillashtirish bo‘yicha ham bir qator vazifalar belgilandi.

Masalan, xususiylashtirish jarayonlarini raqamlashtirish  va unda inson omilini bartaraf etish maqsadida jismoniy shaxslarning 2 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan ko‘chmas mulk ob’ektlarini xususiylashtirish to‘g‘risidagi buyurtmalari elektron amalga oshiriladi, oldi-sotdi shartnomalarini elektron shaklda rasmiylashtirish va ob’ektlarga orderlar Davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali QR-kod qo‘yilgan holda beriladi.

Buning natijasida, order berish muddati 5 ish kunidan 1 ish kunigacha qisqarishiga erishiladi.  Bundan tashqari, investitsiya majburiyatlarining bajarilishini joyiga chiqqan holda monitoring qilish va yozma hisobot taqdim etish amaliyoti bekor qilindi, uning o‘rniga ma’lumotlarni elektron tizimlar orqali olish belgilandi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA