Mamlakatimizda joriy yilning 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan g‘oyat muhim siyosiy voqea — Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Ta’kidlash joizki, mazkur siyosiy jarayonning ochiq, oshkora va shaffof o‘tishida kuzatuvchilar instituti muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zosi Gulnoza Rahimova bilan referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonlarida xalqaro kuzatuvchilarning ishtiroki haqida suhbatlashdik.

— Referendumning milliy qonunchilik talablariga muvofiq o‘tishini kuzatib borishda kimlar kuzatuvchi sifatida ishtirok eta oladi? Xalqaro kuzatuvchilarni taklif etish tartiblari qanday?  

— Referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, referendum kuni ovoz berish joylarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan, fuqarolar tashabbuskor guruhlaridan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar qatnashish huquqiga ega. Bu boradagi tartiblar “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunda belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining 2022 yil 13 iyuldagi qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilar to‘g‘risidagi Nizomda mamlakatimiz referendumida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar faoliyati tartibi belgilab qo‘yilgan.

Referendumga xalqaro kuzatuvchilarni taklif etish saylov jarayonlaridagi tartiblarga monand. Ya’ni, referendum tayinlash to‘g‘risidagi qaror e’lon qilinganidan so‘ng MSK xorijiy davlatlar saylov organlari va xalqaro tashkilotlarga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali taklifnoma yuboradi. Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki davlat hokimiyati organlari, vazirliklar, idoralar, ilmiy-tadqiqot institutlari, boshqa tashkilot va muassasalar takliflariga ko‘ra, referendumga xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni taklif etishi mumkin.

Bundan tashqari, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ham referendumda kuzatuvchi sifatida ishtirok etish istagini bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat qilishi mumkin. Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar tegishli hujjatlarni ovoz berish kunidan kamida o‘n kun oldin taqdim etishi lozim.

Tashqi ishlar vazirligi tegishli xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining hujjatlarini ilova qilgan holda MSKga taqdimnoma kiritadi. MSK besh kunlik muddatda xorijiy (xalqaro) kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Akkreditatsiya qilingan xalqaro kuzatuvchilarning ro‘yxati MSKning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

Ayni paytda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YeXHT DIIHB) mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan referendumni kuzatish bo‘yicha cheklangan missiyasi vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazildi va o‘z ishini boshladi. Mazkur missiya referendumning o‘tkazilishini YeXHT majburiyatlariga, demokratik saylovlarning boshqa xalqaro standartlariga, shuningdek, milliy qonun hujjatlari qoidalariga mosligi nuqtai nazaridan baholaydi. Bundan tashqari, missiya referendumni o‘tkazish sohasini yaxshilashga doir aniq tavsiyalarni taklif etadi.

— Kuzatuvchilar qanday huquqlarga ega?  

— Darhaqiqat, ushbu muhim siyosiy jarayonda kuzatuvchilar institutining ishtirokiga oid huquqlari qonunchiligimizda belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra, kuzatuvchilar referendum o‘tkazuvchi okrug va uchastka komissiyalarining majlislarida, referendum uchastkasida hozir bo‘lish, tayyorgarlik ishlarining borishini kuzatishlari mumkin. Shuningdek, yashirin ovoz berish kabinalarining yoki xonalarining joylashtirilishini va ovoz berish qutilarining muhrlanishini, fuqarolarning ro‘yxatga olinishi, ovoz berish byulletenlarining ularga berilishini kuzatish huquqiga ega.

Bundan tashqari, kuzatuvchilar referendumda ovoz berish jarayonlari tugaganidan so‘ng ovozlarni sanab chiqishda va referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining ovoz berish yakunlari to‘g‘risidagi bayonnomasini tuzishda hozir bo‘lishi mumkin. Ovoz berish natijalari to‘g‘risidagi hujjatlarning tegishli referendum o‘tkazuvchi komissiya tomonidan tasdiqlangan nusxalarini so‘rash va olish huquqlariga ega. Agar referendumda qonun buzilishiga yo‘l qo‘yilgan deb hisoblash uchun asos bo‘lsa, ular o‘z kuzatuvlari to‘g‘risida referendum o‘tkazuvchi yuqori komissiyaga ma’lum qilishlari mumkin.

— Kuzatuvchilarga mumkin bo‘lmagan holatlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— Albatta, qonunchiligimizda kuzatuvchilarga man etiladigan holatlar ham belgilab qo‘yilgan. Xususan, ular ovoz beruvchi ovoz berish byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda ovoz berish kabinasida yoki xonasida bo‘lishi, ovoz beruvchilarga ta’sir o‘tkazishi, biron-bir tashviqot materiali yoki adabiyoti tarqatishi mumkin emas. Qolaversa, ovoz beruvchilardan ular qanday ovoz berganliklarini surishtirish yoki ularga ovoz berish byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish man etiladi. Kuzatuvchilar, shuningdek, referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan ovoz berish qutilarini muhrlash, ularni ochish, ovozlarni sanab chiqish chog‘ida aralashishi mumkin emas.

 

Muhtarama Komilova suhbatlashdi  

O‘zA