“Hilton Tashkent” mehmonxonasida “Raqamli to‘qimachilik: IT yechimlari orqali to‘qimachilik sanoatini rivojlantirish” mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.

Unda aytib o‘tilganidek, hozirgi vaqtda butun dunyoda raqamlashtirish jarayonlari davom ettirilmoqda. Bu to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqib, to‘qimachilik sanoati hozirgi kunda 1 trillion dollardan ortiq bo‘lgan jahon sanoatida muhim rol o‘ynayotganini hisobga olinsa, jahon bozorida raqobatbardosh va dolzarb bo‘lib qolish uchun raqamli yechimlar va yangi texnologiyalarni joriy etish dolzarb vazifadir.

Forumda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Mirmuhsin Sultonov mavzu doirasida taqdimot qilar ekan, unda to‘qimachilik sanoatini rivojlantirishning yangi raqamli strategiyasida belgilangan choralarga to‘xtalib o‘tdi.

– Xususan, bunda barqarorlik, kuzatuvchanlik va shaffoflik kafolati, yangi yetkazib berish markaziga aylanishi, globallashuvni jadallashtirish, diversifikatsiyani oshirish, shu jumladan, xomashyo va chiqindilarni qayta ishlash rivojlanishning asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Ushbu yo‘nalishlarga, ilg‘or raqamli texnologiyalarga investitsiyalar kiritish, sun’iy intellekt va kuzatuvchanlik tizimlarini joriy etish, IT tizimlarini modernizatsiya qilish, yangi elektron platformalarni yaratish, sanoatda uglerod izini kamaytirish va barqaror rivojlanishni rag‘batlantirish ham muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi bunday forumni o‘tkazish bilan raqamlashtirish mahsuli bo‘lgan “Yagona oyna” tizimi orqali o‘z faoliyatini konsalting xizmatlarini ko‘rsatish yo‘liga transformatsiya qilishni ma’lum qiladi. Uyushma, shuningdek, ishlab chiqarish formatlari o‘zgartiruvchi, tejamkor modellardan aqlli ishlab chiqarishga, raqamli fabrikalarga, so‘nggi foydalanuvchi manfaatlariga moslashtirilgan mahsulot yaratishga, IT texnologiyalaridan foydalanish va hokazolar bo‘yicha loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi va targ‘ib qiladi, – dedi M.Sultonov.

Forumda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining yangi 1fintex.uz, uzbtextile.uz va “Textile Makon” loyihalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyihalarning ahamiyati shundaki, ular yangi bosqichga o‘tishni, ya’ni raqamli transformatsiya, elektron to‘qimachiligini yaratish imkoniyatini ta’minlaydi.

Unda “LendingStar” kompaniyasi boshqaruvi raisi Sulton Marenov o‘zi asos solgan 1fintex.uz loyihasining mohiyati va afzalliklari haqida gapirib berdi.

– 1fintex.uz loyihasi moliyaviy platforma bo‘lib, unda kichik biznes pul vositalari evaziga debitorlik qarzlarini sotishi mumkin, – dedi S. Marenov. – Ushbu platformada eksportyor korxonalar invoyslarini onlayn tarzda savdoga qo‘yish, investorlarni jalb qilish, diskont bilan sotish, 3-5 kunda mablag‘larni olish, o‘z pul tushumlarini oldindan rejalashtirish imkonini beradi. Rivojlangan davlatlarda bunday mexanizmlar asosida moliyalashtirish an’anaviy bank kreditlar o‘rnini egallab, katta mavqega ega bo‘lib bormoqda. Bunday mexanizmlar korxonalarga tez muddatlarda garovsiz aylanma mablag‘larini olish, pul tushumlarini rejalashtirish imkonini beradi.

O‘z navbatida, Uzbtextile.com loyihasi ham raqamli to‘qimachilik rivojlantirishda ahamiyatlidir. Loyiha to‘qimachilik V2V savdo platformasi hisoblanadi. U butun dunyodagi xaridorlarning o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarini yetkazib beruvchilar bilan muloqotini soddalashtirishga, davlat hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasiga eksport rejalarini amalga oshirishda qo‘l keladi. “Textile Makon” loyihasi esa to‘qimachilik sanoatini va soha korxonalarini rivojlantirish uchun keng ko‘lamli media, marketing, brending va PR xizmatlarini taklif qiluvchi yagona media-markazni o‘zida namoyon etadi.

Forum yakunida ishtirokchilar mavzu va taqdim etilgan loyihalar yuazasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri