O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 4-aprel kuni Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi va Yevroosiyo Global TB Caucus guruhi o‘rinbosari Alison Satti boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida o‘zaro ishonch hamda manfaatdorlikka asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Ikki davlat tuzilmalari o‘rtasida tashkil etilayotgan turli darajadagi muloqotlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qonun ijodkorligi, savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojiga yangi sur’at bag‘ishlagani ta’kidlandi.
Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zolari O‘zbekistonda ijtimoiy sohani rivojlantirishga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qaralayotgani, “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” tamoyili asosida olib borilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Buyuk Britaniya delegatsiyasi a’zolari Qonunchilik palatasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.