O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 mart kuni Anqara shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ta’kidlaganidek, bugungi uchrashuv hamda fojia kunlarida Tashkilot mamlakatlari Turkiyaga ko‘rsatgan birodarlik yordami turkiy xalqlar eng mushkul damlarda bir-biriga mustahkam tayanch va suyanch bo‘layotgani, ularning do‘stligi va birdamligi qudratli kuch ekanining yaqqol amaliy tasdig‘idir.

–Barchamiz sizlarga madadkor bo‘lib, zilzila oqibatida vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat ob’ektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga bor kuchimizni yo‘naltirishga tayyormiz. Jumladan, biz zilzila markazlaridan biri bo‘lgan va qutqaruvchilarimiz ish olib borgan Hatay viloyatining Ovakent hududidagi bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shish niyatidamiz.

Biz barpo etmoqchi bo‘lgan ko‘rkam uy-joylar, zamonaviy maktab va infratuzilma ob’ektlari kelgusida tom ma’noda yaqin do‘stlik va birdamligimizning yorqin timsoliga aylanishiga aminman.

Bundan tashqari, talafot ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarning yurtimizda sog‘lig‘ini tiklashi va dam olishlari, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk ajdodlarimiz qadamjolarini ziyorat qilishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Bu guruhlarga Tashkilotimiz Oqsoqollar kengashi boshchilik qilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi,– dedi davlatimiz rahbari. – Shu bilan birga, ushbu yoz mavsumida biz Hatay yoshlarining ham O‘zbekistonga tashrifini tashkil etmoqchimiz. Ularning mazmunli hordiq chiqarishlari hamda qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarlarini, yurtimizdagi o‘z tengdoshlari bilan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish niyatidamiz.

O‘zA