9-may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 79-yilligi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham keng nishonlandi.

Nukus shahri Xotira xiyobonidagi Motamsaro ona haykali poyiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugi qo‘mondonligi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari guldastalar qo‘ydi.

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalari davlat madhiyalari yangradi.

Tadbir ishtirokchilari “Vatanparvarlar bog‘i”da joylashgan harbiy texnikalar va qurol-aslahalar , “Xotira uyi”dagi ota-bobolarimiz jasorati haqidagi ma’lumotlar, urush yillari davriy nashrlarda chop etilgan maqola va ocherklar, yozilgan xatlarning nusxalari va boshqa ma’lumotlar bilan tanishdi. Qoraqalpog‘iston san’at ustalari hamda Nukus garnizoni harbiy orkestri tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy va qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari