RF Vazirlar Mahkamasida kadrlar o‘zgarishi amalga oshirildi:
Sergey Shoygu mudofaa vaziri lavozimidan ozod etildi va tegishli farmon bilan Xavfsizlik Kengashi kotibi etib tayinlandi. Prezident Putin harbiy soha rahbarligining bo‘shagan o‘rniga Andrey Belousov nomzodini taklif etgan.
Yana bir farmonga muvofiq, Nikolay Patrushev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan XK kotibligidan ketdi. FVV, IIV, Adliya vazirligi va boshqa kuch ishlatar tuzilmalar rahbarlari o‘z joyida qolgan. Lavrov ham mamlakat TIV rahbarligiga qayta saylandi.
***
Sentyabrda Qorabog‘da ilk universitet ochish rejalashtirildi. Bu haqda Ozarbayjon fan va ta’lim vaziri Emin Amrullayev jurnalistlarga ma’lum qildi. Ta’kidlanishicha, Xankendi shahrida joylashadigan o‘quv dargohining qabul rejasi allaqachon tasdiqlangan. Universitetda 1 200 talaba bepul ta’lim oladi.
***
So‘nggi to‘rt oy Nigeriyada Lassa bezgagidan 156 kishi vafot etdi, deyilgan “Anadolu” xabarida.
Kasalliklarni nazorat qilish markazi (NCDC)dan ma’lum qilinishicha, o‘limga olib keluvchi xastalik mamlakatning 28 shtati hamda poytaxt Abujada tarqalgan.
1 yanvardan 28 aprelgacha Afrika mamlakatlarida ushbu xavfli ofat yuqishi bilan bog‘liq 857 holat aniqlandi.
Lassa bezgagi Nigeriyada 1969 yil paydo bo‘lgan.
***
AQSH sobiq Prezidenti Donald Tramp, agar bo‘lajak saylovda g‘alaba qozonsa, mamlakat NATOdan chiqmagan taqdirda ham, tuzilmani kuchsizlantirishi mumkin. Atlantika kengashi eksperti Xans Binnendiyk, Richard Xuker va Aleksandr Vershbou “Foreign Affairs” jurnalida chop etgan maqolasida shunday degan.
– Tashkilotni moliyalashtirish to‘xtatib qo‘yilishi, Amerika askarlari va harbiy boshliqlari Yevropadan chaqirib olinishi, Shimoliy Atlantika alyansi kengashida qabul qilingan qarorlarga to‘siq qo‘yilishi bilan Tramp NATOni kuchsizlantiradi, – deyishyapti ekspertlar.
***
Afg‘onistonning Bag‘lon, Tahor, Badaxshon va Gor muzofotlarida qo‘qqis yoqqan kuchli yomg‘ir va suv toshqini qurbonlari soni 330 kishiga yetdi, deb yozgan “Sinxua” agentligi. Jahon oziq-ovqat dasturi bo‘limi bayonot berishicha, shanba kuni Bag‘londa 300 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 1000 dan ziyod turar-joy vayron bo‘lgan.
***
YeI mamlakatlari Ukrainaga kelgusida ham harbiy yordamni davom ettirish uchun mudofaa sanoatini qisman harbiy yo‘lga solishni va ushbu tamoyilni barcha harbiy-sanoat mujmuasiga qo‘llash niyatida, deya bayonot berdi ichki bozor bo‘yicha yevrokomissar Terri Breton BFMTV telekanali efirida chiqish qilib.
– Biz Ukrainaga qurol va harbiy texnika yetkazib berishni sezilarli ravishda oshirishga qaror qildik, – dedi u. – Ko‘p miqdordagi qurol-yaroq, jumladan “Patriot” havo mudofaasi tizimi Ukrainaga qo‘shni mamlakatlarga joylashtirilgan.
***
10-11 may kunlari Olmaotada bo‘lib o‘tgan Armaniston va Ozarbayjon TIV rahbarlari muzokarasi konstruktiv muhitda kechdi, deb bayonot berdi Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan matbuot anjumanida.
***
Shvetsiya Bosh vaziri Ulf Kristersson “Sveriges Radio” efirida chiqish qilib, harbiy davrda qirollik hududida yadro quroli joylashtirilishi ehtimoli istisno etilmaydi, dedi. Avvalroq u tinchlik davrida bunday qurol mamlakat bazalarida bo‘lmaydi, degandi.
Iyun oyida mamlakat parlamenti teo‘ orada AQSH bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi masalasi ko‘rib chiqiladi. Rejaga ko‘ra, amerikalik harbiylar Shvetsiyadagi 17 harbiy ob’ektga kirishiga ruxsat berilishi nazarda tutilgan.
***
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar migratsiya idoralari rahbarlari kengashining 28-majlisi 28 may kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tadi, deb yozgan“Xovar” agentligi.
Tadbirda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasi, Turkmaniston, O‘zbekiston, MDH Ijroiya qo‘mitasi, ishtirokchi davlatlar Parlamentlararo assambleyasi va Kasaba uyushmalar bosh konfederatsiyasi vakillari ishtirok etadi.
S.Rahimov, O‘zA