Shimoliy Makedoniyada 8 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovning ikkinchi bosqichida 64,14 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan Gordana Silyanovska Davkova mamlakat Prezidenti lavozimini egalladi.
Assambleya yangi rahbarning qasamyod qabul qilish marosimini o‘tkazdi.
Tadbirda sud va ijro hokimiyati idoralari yuqori martabali vakillari, diniy arboblar, xorijiy elchilar, jumladan Turkiyaning Skopedagi elchisi Fotih Ulusoy ishtirok etdi.
Silyanovska Davkova Prezident sifatida burchini ongli ravishda va mas’uliyat bilan bajarishga va’da berdi:
– Men konstitutsiya va qonunlarni hurmat qilaman hamda Makedoniya suvereniteti, hududiy yaxlitligi va mustaqilligini himoya qilaman!
U hech qanday kamsitishsiz, hamma uchun birdek bo‘lishini, mamlakatida va patriarxiya hanuz davom etayotgan Bolqonda ayollarni ilhomlantirish niyatida ekanini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun: 2018 yil iyun oyida Makedoniya va Gretsiya o‘rtasida Prespa kelishuvi imzolandi. Shundan so‘ng mamlakat nomi “Shimoliy Makedoniya”ga o‘zgartirildi. Shu tariqa Gretsiya vetosi olib tashlanib, mamlakat NATO a’zosi bo‘lishiga yo‘l ochildi.
Parlament yig‘ilishidan keyin prezidiumda o‘tkazilgan topshirish marosimida yangi yetakchi sobiq Prezident Stevo Pendarovski o‘rnini egalladi.
Gordana Silyanovska Davkova 1953 yil Oxrid shahrida tug‘ilgan. Faoliyati boshida Davlat universiteti yuridik fakultetida konstitutsiyaviy huquq va siyosiy tizimdan dars bergan. 1992-1994 yillari Parlament Konstitutsiyaviy komissiyasi a’zosi va Davlat vaziri davozimida ishlagan, BMT saylovlar bo‘yicha eksperti, Yevropa Kengashi mahalliy boshqaruv bo‘yicha ekspertlar guruhi vitse-prezidenti va Venetsiya komissiyasi a’zosi bo‘lgan.
2020 yildan beri Shimoliy Makedoniya Assambleyasi a’zosi hisoblangan ushbu siyosatchi ayol 2019 yildagi prezidentlik sayloviga ham nomzodini qo‘ygan, biroq ikkinchi turda mag‘lub bo‘lgan edi.
G.Sattorova, O‘zA