Jahon boksida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan iste’dodli charm qo‘lqop ustalarimiz Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov, Lazizbek Mullajonov, Abdumalik Xalakov, Madiyor Saidrahimov kabi 17 nafar O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Rossiyaning Xabarovsk shahrida o‘tkaziladigan xalqaro turnirda qatnashadi.
Bugun, 13 may kuni boshlanadigan turnirda 8 ta davlatning 150 nafar bokschisi qatnashish uchun talabnomalarni taqdim etgan.
O‘zbekiston terma jamoasi murabbiylar shtabi ushbu turnirda ishtirok etadigan 13 nafar erkak va 4 nafar bokschi qizlarni ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Turnirda mahoratli bokschilarimiz qatori Jasurbek Yo‘ldoshev, To‘rabek Habibullayev, Iqboljon Holdorov, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev, Ruslan Abdullayev, Dilshod Abdumurodov, Shahzod Muzaffarov va Avazjon Yo‘ldoshev Xabarovsk ringlarida o‘z mahoratlarini namoyish etadi. Bokschi qizlarimizdan Robiyaxon Baxtiyorova, Aziza Yoqubova, Dilfuza Bekova hamda Aziza Dayirbekova ham o‘z omadlarini sinovdan o‘tkazadi.
“Parij-2024” Olimpiadasiga tayyorgarlikning muhim bosqichi bo‘lgan turnirda O‘zbekiston boks federatsiyasi hakamlar hay’ati raisi Bekjon Yusupov janglarni boshqarib borishda ishtirok etadi.
Musobaqalar 18 mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA