7-may – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni

Davlatimiz rahbarining 2023-yil 24-maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining 8-bandiga asos Raqamli texnologiyalar vazirligi va keng jamoatchilikning 7-may sanasini O‘zbekiston Respublikasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi xodimlari kuni deb e’lon qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

– So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlariga bo‘lgan talabi ortib bormoqda, – deydi “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan aloqa xodimi Qayrat Tajenov. – Davlatimiz rahbarining sohaga qaratayotgan alohida e’tibori hamda g‘amxo‘rligi natijasida aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati yaxshilanib bormoqda. Bugungi kunda barcha sohalar bosqichma-bosqich raqamlashtirilib, jadal sur’atlarda rivojlanmoqda.

Filial tomonidan amalga oshirilgan ishlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligiga qarashli 774 ta umumta’lim maktabini yuqori tezlikdagi internet tarmog‘i bilan ta’minlash topshirig‘i berilgan bo‘lib, bugungi kunda 772 ta maktabga 1721 kilometr optik tolali aloqa kabellari tortildi va qurilmalar o‘rnatilib, yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulandi. Uzoq masofada joylashgan 2 ta umumta’lim maktabiga sun’iy yo‘ldosh orqali telekommunikatsiya xizmati joriy qilindi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlariga optik tolali aloqa kabellarini tortish ishlari amalga oshirilib, bugungi kunda 443 ta mahalla fuqarolar yig‘inlariga 141 kilometrdan ortiq, 283 ta militsiya tayanch punktiga 60 kilometr uzunlikdagi optik tolali aloqa kabellari tortildi.

O‘tgan yillar mobaynida yuqorida qayd etilgan 2 ming 224 ta obyektga 2 ming 356 kilometrdan ortiq optik tolali aloqa kabeli tortildi va qurilmalar o‘rnatildi. Barcha obyektlar yuqori tezlikdagi internet tarmog‘iga ulandi va belgilangan rejalar to‘liq bajarildi.

Filial tomonidan keng polosalik telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish maqsadida optik tolali aloqa kabellarini tortish ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2023-yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasini telekommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash bo‘yicha 5 ming 27 kilometr optik tolali aloqa liniyalari tashkil qilindi. Mavjud optik tolali aloqa liniyalarining uzunligi 16 ming 177 kilometrni tashkil qilmoqda. 2024-yil yakuniga qadar optik tolali aloqa liniyalarni 4 ming 980 kilometrga kengaytirish va 21 ming 157 kilometrga yetkazish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda Orolbo‘yida 273 ming abonentga mo‘ljallangan 313 ta elektron avtomat telefon stansiyasi orqali 133 mingdan ortiq xonadonga telefon, internet va IPTV xizmati ko‘rsatilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 19-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi telekommunikatsiya infratuzilmasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bo‘yicha keng polosalik tarmoq sig‘imliligini 2023-yilda 284,9 ming portga yetkazish rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda bu ko‘rsatkich to‘liq bajarildi. Joriy  yilda esa bu ko‘rsatkichga qo‘shimcha 88,4 ming port o‘rnatish, ya’ni keng polosalik portlarni 373,3 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.

“Keng polosalik internet tarmoqlarini rivojlantirish” va “NGN texnologiyasidan foydalangan holda kommutatsiya qurilmalarini kengaytirish” loyihalarini amalga oshirish maqsadida “HUAWEI” va “ZTE” kompaniyalari bilan shartnomalar imzolandi. Respublika bo‘yicha ushbu kompaniyalarning 16 milliard so‘mlik zamonaviy turdagi 53 ming 920 internet portga mo‘ljallangan 149 dona MSAN qurilmasi ishga tushirildi. Natijada 1999-yili o‘rnatilgan NEAX-61E rusumli telefon stansiyalarini yangi zamonaviy turdagi MSAN qurilmalariga to‘liq modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirildi. Ushbu qurilmalarni o‘rnatish va ishga tushirish uchun zamonaviy tipdagi 416 million so‘mlik 80 kilometr optik tolali aloqa kabellarini tortish  rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda reja to‘lig‘i bilan bajarildi. Tarmoq NGN texnologiyasi bo‘yicha 53 ming 920 portga kengaytirildi hamda internet tezligi 6 mbit/s dan 42 mbit/s ga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni asosida shahar va tumanlardagi telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlanmagan hududlarga telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida GPON texnologiyasi asosida “HUAWEI” va “ZTE” kompaniyalarining 15 milliard so‘mlik investitsiyasi kiritildi. Natijada mana shunday hududlarga 67 ming 576 internet portga mo‘ljallangan 53 dona OLT stansiyasi o‘rnatildi. Mazkur qurilmalarni o‘rnatish va ishga tushirish uchun zamonaviy tipdagi 1 ming 600 kilometr optik tolali aloqa kabelini tortish  ishlari to‘lig‘i bilan bajarildi.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha turistik imkoniyati yuqori, qadimiy tarixga ega joylarga 191 ta  Wi-Fi hududi tashkil qilingan. Joriy yil yakuniga qadar Wi-Fi hududi sonini 353 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, jamiyat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi asosida jamoat joylariga o‘rnatib kelinayotgan video nazorat  kameralariga qadar optik tolali aloqa kabellari tortilib, telekommunikatsiya xizmatlari bilan ta’minlanib kelmoqda. Bugungi kunda shahar va tumanlardagi 84 ta videokuzatuv kamerasiga qadar optik tolali aloqa kabeli tortildi.

Shuningdek, respublika hududidagi mavjud 1 ming 166 ta aholi punktidan bugungi kunda 926 tasiga optik tolali aloqa liniyalari tortilib, zamonaviy telekommunikatsiya xizmatlari joriy etildi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA muxbirlari