Adliya vazirligi davlat xizmatlarini taqdim etish jarayonida qulayliklarni yaratishda davom etmoqda.

Haydovchilik guvohnomasi (prava)ni 2010 yilgacha olgan shaxslar uni 2023 yil 31 martgacha yangisiga almashtirishi shart.

Ma’lum bo‘lishicha, 2010 yilgacha berilgan guvohnomalarni yangisiga almashtirish lozim bo‘lganlar soni 200 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.

Shu sababli aholiga qulaylik yaratish maqsadida guvohnoma almashtirish jarayonlari dam olish kunlarida ham amalga oshirilishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 2023 yil 18-19-20 hamda 22 mart kunlari soat 9:00dan kech soat 18:00 gacha DXM hamda IIBB YHXB bo‘limlari tomonidan eski namunadagi haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish imkoni yaratildi.

Buning uchun ish grafigi mehnat qonunchiligi doirasida qayta ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, eski namunadagi “prava”ni yangisiga almashtirish uchun nafaqat DXMga yoki IIBB YHXBga  murojaat qilishingiz, balki uydan turib buyurtma berishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2010 – 2012 yillarda berilgan haydovchilik guvohnomalari joriy yil 30 iyungacha, 2013 – 2015 yillarda berilganlari 30 sentyabrgacha, 2015 yildan keyin berilganlari esa  31 dekabrgacha almashtirilishi kerak.

 

O‘zA