O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov mamlakatimizda tashrif bilan bo‘lib turgan Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri Batmunx Battseseg bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmining keyingi yillarda uch barobarga o‘sishining ijobiy dinamikasi qayd etildi. Tomonlar joriy ko‘rsatkichlarni sezilarli darajada oshirish uchun qator imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlab, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlashni kengaytirish va hajmini oshirish choralarini ko‘rish bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzishga kelishib oldilar.

Shu bilan birga, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini kengaytirish istiqbollari ham tahlil qilindi.

Qishloq xo‘jaligi, yengil va elektrotexnika sanoati sohalarida aniq loyiha takliflarini o‘zida mujassam etgan Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturning qabul qilinishi bu boradagi ustuvor va birinchi darajali chora-tadbirlar sifatida belgilandi.

Shu nuqtai nazardan tomonlar Toshkent va Ulan-Bator shaharlarida qo‘shma biznes-forum va ko‘rgazmalar o‘tkazishga kelishib oldi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi va Mo‘g‘uliston o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya tuzish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Ushbu hujjat O‘zbekiston – Mo‘g‘uliston ko‘p qirrali aloqalarini yanada rivojlantirishga mustahkam zamin yaratadi.

O‘zA