Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan deputatlar o‘z fikr-mulohazalarini, munosabatini bildirmoqda.

— Konstitutsiyaviy qonun loyihasida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlis va Prezident oldidagi mas’uliyati kuchaytirilmoqda, — dedi deputat O‘rol O‘rozboyev. — Jumladan, Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini Prezident tomonidan belgilab berilgan ijro etuvchi hokimiyatning asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshirishi belgilanmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Vazirlar Mahkamasining muayyan a’zosining o‘z faoliyati yuzasidan hisobotini eshitish hamda zarur bo‘lganda, uni iste’foga chiqarish to‘g‘risida Prezident ko‘rib chiqishi uchun taklif kiritish vakolati berilmoqda.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining atrof-muhitni muhofaza qilish, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ishida ochiqlikni, qonuniylikni ta’minlash, barqaror iqtisodiyotning o‘sishi, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish sohasidagi vakolatlari ham kengaytirib berilmoqda, — dedi deputat.

Muhtarama Komilova, O‘zA