Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokamasida qonunchilik bazasini qayta ko‘rib chiqish, kadrlar tayyorlash, moddiy texnika masalalarni hal qilish kerakligiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Eng muhimi, hududlarda ikkita organ o‘rtasida vazifalar takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ularning vakolat va vazifalarini aniq qilib ajratib berish lozim bo‘ladi. Unga ko‘ra, kengashlar raisi va hokim lavozimlarining bir-biridan ajratilishi, Toshkent shahri va viloyatlar darajasida davlat hokimiyati organlariga nisbatan 2024  yildagi navbatdagi  Mahalliy kengashlarga saylov natijalari bo‘yicha, tuman va shahar  vakillik va ijro organlariga nisbatan esa 2026 yil 1  yanvaridan boshlab qo‘llanishi belgilanmoqda.

Yana bir masala: loyihaning ilgari e’lon qilingan tahririda  Xalq deputatlari kengashi tomonidan  mahalliy byudjetni ko‘rib chiqish faqatgina hokimning taqdimiga binoan amalga oshirilishi ko‘rsatilgan edi. Bu esa deputatlarning bu borada  vakolatini bevosita hokimga bog‘lab qo‘ygan edi. Endilikda mana shunday  tobelik chiqarib tashlanmoqda.

Ya’ni, mazkur normaning yangi matnida Xalq deputatlari kengashi  mahalliy byudjetlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish, ularning ijro etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish vakolati hech qanday shartlarsiz hamda to‘siqlarsiz amalga oshirilishi ko‘rsatilmoqda. Bunday qoida hududiy dasturlarni tasdiqlash jarayoniga nisbatan ham tatbiq etilmoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zА