Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi muhokama qilinmoqda.
Kun tartibidagi masala yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov ma’ruza qilmoqda.
— Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz loyihasini ishlab chiqishda keng jamoatchilik, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ekspertlik va ilmiy doiralar vakillari, ziyolilar faol ishtirok etdi. Umumxalq muhokamalarida 220 mingdan ziyod taklif kelib tushdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan amaldagi Konstitutsiyaga 27 ta yangi modda kiritilib, moddalar soni 128 tadan 155 taga oshmoqda. Konstitutsiyamizning amaldagi 275 ta normasi 434 taga ko‘paymoqda.
Ya’ni, amaldagi Konstitutsiyamiz 65 foizga yangilanmoqda. Shu bois, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati, ko‘lami va hajmidan kelib chiqib, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi nomi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida» deb o‘zgartirildi, — dedi ma’ruzachi.
M.Komilova, O‘zA