Bola huquqlari bo‘yicha vakil (Bolalar ombudsmani) bolalarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha zarur ishlarni amalga oshirmoqda.
Bolalar ombudsmaniga bolalarning huquqlari himoya qilinishini so‘rab o‘tgan yilda 696 murojaat tushgan.
Ulardan 374 murojaat tegishli tartibda ko‘rib chiqilib, 64 tasi qanoatlantirilgan, 310 murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.
Aliment olish huquqiga doir 29 murojaatni o‘rganish davomida Bosh prokuratura tomonidan 71 nafar tarbiyalanuvchiga ota-onalaridan 389,3 million so‘m aliment undirib berilishi ta’minlangan.
Ombudsman matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jamoaviy murojaatlar ham ko‘p uchramoqda. Og‘ir irsiy kasallik fenilketonuriya bilan og‘rigan bolalarning 500 ga yaqin ota-onalari farzandlari uchun mo‘ljallangan maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetishmay qolayotgani, bu esa farzandlarining salomatligi va hayotiga xavf tug‘dirayotganini ma’lum qilgan.
Bu masalada Bosh vazir va Bosh prokuratura, mas’ul vazirliklar hamda idoralarga xat bilan murojaat qilingani natijasida bolalarga maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetkazib berildi.
Yopiq, shaxslar o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda bola huquqlarini ta’minlash yuzasidan 20 ta monitoring tashriflari o‘tkazildi.
Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanidagi 22, 39-sonli va Marg‘ilon shahridagi 16, 24-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchilarning ovqatdan kasallangani holatini Bola huquqlari bo‘yicha vakil joyiga chiqib o‘rgandi.
Tayyorlangan ma’lumot Bosh prokuraturaga kiritildi. Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.
Farg‘ona viloyati prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish borasida o‘tkazilgan tekshirishlar natijasida 277 nafar shaxs ma’muriy, 124 nafar shaxs intizomiy va 23 nafar shaxs moddiy javobgarlikka tortilib, yetkazilgan 124 million so‘m miqdoridagi zarar ixtiyoriy qoplangan.
Bolalar ombudsmani bola huquqlarini ta’minlash borasida idoralararo ishchi guruhlari tarkibida ham faoliyat yuritmoqda.
Hisobot yilida umumta’lim muassasalarida bolalar o‘rtasida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish, Misr Arab Respublikasiga diniy ta’lim olish maqsadida chiqib ketgan bolalarni Vatanga qaytarish, ularning uzluksiz va izchil ta’lim olishini ta’minlash hamda bolalar tilanchiligining oldini olish bo‘yicha “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqildi va bajarishga kirishildi.
“2023-2030 yillarda O‘zbekistonda bolalarga g‘amxo‘rlik qilish tizimini noinstitutsionallashtirish strategiyasi” loyihasi ishlab chiqildi.
Yil davomida Rossiya, Qozog‘iston Bola huquqlari bo‘yicha vakillaridan 15 murojaat qabul qilinib, barchasi ijobiy hal etilgan.
Chet elda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan bolalarni yurtimizga qaytarishda Ichki ishlar vazirligi bilan keng hamkorlik qilinmoqda.
2022 yilda Rossiyadan jami 37 nafar, Qozog‘iston Respublikasidan 4, Turkiya davlatidan 2 nafar, jami 43 nafar bola O‘zbekistonga olib kelingan.
O‘zA