Senat yalpi majlisida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi milliy markazining O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi holatiga oid axborot eshitildi.

Qayd etilishicha, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining sa’y-harakatlari tufayli 2022 yilda O‘zbekiston xalqaro reyting va indekslarda salmoqli yutuqlarga erishgan. Jumladan, qonun ustuvorligi, hukumat faoliyati samaradorligi, so‘z va axborot erkinligi, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishlarida mamlakatimizning o‘rni yaxshilandi.

Yangi qabul qilingan Mehnat kodeksida mehnat munosabatlarini inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiq huquqiy tartibga solish asoslari takomillashtirildi.

BMT tuzilmalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda «O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni qabul qilindi. Unda mamlakatimiz aholisi turmush darajasini oshirish va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligi, takomillashtirish yo‘nalishlari belgilandi.

2022 yilda paxtadan tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi va savdosi bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarni birlashtiruvchi “Cotton Campaign” koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berilganini e’tirof etdi hamda o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi.

Milliy qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish chora-tadbirlari doirasida Xalqaro mehnat tashkilotining «Qurilishda xavfsizlik va mehnat gigiyenasi to‘g‘risida»gi 167-sonli konvensiyasi ratifikatsiya qilindi.

Senatorlar o‘z o‘rganishlari asosida inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarni samarali qo‘llash bilan bog‘liq qator muammolarni belgilab berdi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari sohasidagi Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da belgilangan sakkiz qonun loyihasi o‘z muddatida ishlab chiqilmayotgani senatorlarni tashvishga solgani aytib o‘tildi.

BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini monitoring qilish natijasida senatorlar tomonidan ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari nogironligi bo‘lgan shaxslar foydalanishi uchun yetarli darajada moslashtirilmaganligi aniqlandi.

Senatning tegishli qarori qabul qilinib, unda O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining so‘zsiz bajarilishini ta’minlash maqsadida manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish olib borish belgilandi.

Shu bilan Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi yakuniga yetdi.

 

N.Abduraimova,    

O‘zA