Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar salmog‘i ortib bormoqda. Bosh prokuratura tomonidan 2022 yil va joriy yilning o‘tgan davri yuzasidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Oqibatda davlat manfaatlariga 368,1 milliard so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Shuningdek, suv ta’minoti tarmoqlariga 1 ming 624  noqonuniy ulanish holatlari aniqlanib, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslardan 7 milliard 144 million so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarining yetarli emasligi davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish imkoniyatini bermayapti.

Shu sababli energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik, bu boradagi vakolatli organlarning ko‘rsatmalarini bajarmaganlik holatlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati vujudga keldi.

Bu fikrlar Senat yalpi majlisida “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qilish jarayonida qayd etildi.

Mazkur qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bilan birga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva ushbu masala yuzasidan fikr bildirib, energiya resurslaridan oqilona foydalanish orqali ularni aholiga yanada ishonchli, barqaror va yetarlicha yetkazib berilishini ta’minlash hamda tizimda turli talon-torojliklarning oldini olishda qonunga ehtiyoj kattaligini qayd etdi.

– Elektr, gaz va vodoprovoddan tijorat maqsadlarida qonunga xilof ravishda foydalanish – o‘g‘irlik, deb belgilanmoqda, – dedi Senat Raisi. – Sababi oddiy: mazkur ne’matlar xalqimizniki, ya’ni ko‘pchilikning haqqi. Shunday ekan, ularni talon-toroj qilish, o‘g‘irlash ko‘pning haqqiga xiyonat qilish bilan barobar. Demak, javobgarlik ham shunga yarasha qat’iy bo‘ladi. Kiritilayotgan normalarning mazmun-mohiyatini aholi va ijrochilar o‘rtasida keng tushuntirishga jiddiy e’tibor qilish zarur. Qonunda bu vazifa asosan Bosh prokuratura va Energetika vazirligi zimmasiga yuklatilgan. Biroq, bu masalada parlament va jamoatchilik ta’sirini ham oshirish zarur.

Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf ko‘rishga qaratilgan maqsad ekanligi belgilanmoqda.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA