2 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Dastlab senatorlar Senatning 2022 yildagi faoliyati va 2023 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan yil davomida Senat Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan vakolatlari, shuningdek, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida aks etgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib faoliyat yuritdi.

Jumladan, qonunchilik faoliyatini takomillashtirish, parlament nazoratini kuchaytirish, xalqaro va parlamentlararo munosabatlarni kengaytirish, mahalliy Kengashlar faoliyatiga ko‘maklashish, xalq bilan muloqot samaradorligiga erishishda parlament ta’sirini oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi.

Xususan, qonunchilik yo‘nalishida jami 79 ta qonun ko‘rib chiqildi. Qonunlar hududlar manfaatlaridan kelib chiqib, tanqidiy-tahliliy nuqtai nazar bilan muhokama qilindi. 2022 yilda Senat tomonidan 8 ta qonun rad etildi.

Qonunlarni tizimli tahlil qilish va ularni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish amaliyoti davom ettirilib, 20 dan ortiq qonun ijrosi, huquqni qo‘llash amaliyoti va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini monitoring qilish yakunlari bo‘yicha Hukumat oldiga tegishli vazifalar qo‘yildi.

Parlament nazorati doirasida Senat yalpi majlislarida hukumat, vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari, hokimlarning hisobot va axborotlari yuzasidan 27 ta eshituv o‘tkazdi.

Har chorakda hukumatning hamda moliya vazirining Davlat dasturi ijrosining borishi va Davlat byudjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlari muhokama etildi.

Senatorlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan masalalarni o‘rganishga alohida e’tibor bergan holda, o‘rganishlar yakunlari bo‘yicha mingga yaqin masala hal etish uchun hukumatga  kiritildi. Mazkur takliflar asosida 2023 yilgi Davlat byudjeti parametrlari va investitsiya dasturlari doirasida 1,2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ ajratilishiga erishildi.

Senat qo‘mitalari tomonidan nazorat-tahlil faoliyati doirasida hududlarda 67 ta o‘rganish o‘tkazilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Hukumat a’zolariga 5 ta parlament so‘rovi yuborildi. Senatorlar tomonidan joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholini tashvishga solayotgan muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlariga 200 dan ortiq so‘rov yuborildi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning 17,1 ming murojaati ko‘rib chiqildi. 6,5 mingga yaqin murojaat alohida nazoratga olinib, atroflicha o‘rganildi.

Jumladan, 5 mingga yaqin murojaat bo‘yicha mualliflarga tushuntirish berildi, 700 dan ortiq ariza va shikoyatlardagi masalalar asosli deb topilib, ijobiy hal etildi.

Xalqaro parlament munosabatlari doirasida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya tuzilmalari va biznes vakillari bilan o‘tkazilgan 170 dan ziyod uchrashuvlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama parlament aloqalarini va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida parlamentlararo guruhlarning 10 dan ortiq yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi.

Mahalliy Kengashlar faoliyatiga uslubiy-amaliy yordam ko‘rsatish uchun Davlat boshqaruvi akademiyasi va boshqa  mutasaddi idoralar bilan birgalikda mahalliy Kengashlar deputatlari uchun muntazam ravishda o‘quv kurslari, seminarlar tashkil etildi.

Bundan tashqari, Senat Raisi boshchiligida korrupsiya, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, xotin-qizlar masalalari, gender tenglikni ta’minlash, xalqaro reytinglar bilan ishlash kabi qator dolzarb yo‘nalishlarda milliy (respublika) tuzilmalar faoliyati izchil davom ettirildi.

Ma’lumot uchun: qayd etilgan yo‘nalishlarda olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimiz uchun ustuvor etib belgilangan 16 ta nufuzli xalqaro reytingda O‘zbekistonning o‘rni ko‘tarildi.

Majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida olib borilgan ishlar natijasida Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi tomonidan 13 yildan beri (2009-2022 yillar) O‘zbekiston paxtasiga qo‘llangan xalqaro boykot bekor qilindi.

Majlis davomida Senat faoliyati yakunlari ko‘rib chiqilgach, 2023 yilga mo‘ljallangan parlament yuqori palatasining ustuvor vazifalari ham belgilab olindi.

Shundan so‘ng, senatorlar tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur qonun mamlakatimiz hududida tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, raqobat muhitini himoya qilish, tovar, moliya va raqamli bozorlarni samarali faoliyat ko‘rsatishiga sharoit yaratish maqsadida ishlab chiqilgan. Ta’kidlash joiz,  unda 2012 yil qabul qilingan “Raqobat to‘g‘risida”gi hamda 1999 yil qabul qilingan “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi qonunlar birlashtirilib, tabiiy monopoliya va ustun mavqega ega sub’ektlarga qo‘yiladigan talablarning aksariyat qismi birxillashtirilgan.

Qonunda raqobat sohasidagi davlat siyosatining ya’ni, raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va to‘xtatish, respublika hududida iqtisodiy faoliyat erkinligi va tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

Bundan tashqari, qonun bilan bir qator yangi, ya’ni monopoliyaga qarshi komplayens, raqamli platforma kabi tushunchalar kiritilmoqda.

Qonunda ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra tabiiy monopoliya sub’ektlari ham ustun mavqega ega sub’ektlar qatoriga qo‘shilmoqda.

Shu bilan birga qonunda ustun muzokara kuchi instituti kiritilib, ushbu normaga ko‘ra, bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi sababli boshqa sub’ektlar bilan shartnoma tuzishda, ularda ustun muzokara kuchi mavjud deb baholanishi belgilanmoqda.

Tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash maqsadida qonunda raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamni baholash tizimi joriy qilinmoqda.

Qonun bilan savdolarga doir raqobatni cheklashga qarshi talablar va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ishtirokchilarning bir vaqtda savdo jarayonlarida qatnashishiga taqiqlar belgilanmoqda.

Shuningdek, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Senatorlarning fikriga ko‘ra, mazkur qonunning qabul qilinishi raqobatga qarshi harakatlarning kamayishiga, iqtisodiy faoliyat erkinligi, tovarlarning erkin harakatlanishiga, raqobat muhitini rivojlantirishga hamda tovar va raqamli bozorlarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishga huquqiy asos yaratadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, yalpi majlisda “Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun ham qizg‘in muhokama qilindi.

Xususan, so‘nggi vaqtlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari ko‘payib borayotganligi, bu jarayonda tibbiyot xodimlarini bemorlarning sog‘lig‘i yomonlashishida yoki o‘limida asossiz ravishda ayblash, shuningdek, hech bir sababsiz shifokorlarga va o‘rta tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish hollari yuz berayotganligi qayd etildi.

Qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolarga yechim topish maqsad qilingan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda.

Bunda ushbu noqonuniy faoliyatni amalga oshirgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solish yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish jazosi kiritilmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1977-moddasida tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga xilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazganlik haqidagi ishlarni ko‘rib chiqish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, ushbu Kodeksning 305-moddasiga muvofiq mazkur toifadagi ishlarni ko‘rib chiqish muddati uch sutkani tashkil etishi qayd etilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilib, ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini oladi. Shifokorlik kasbining maqomi hamda nufuzini oshirishga, fuqarolarga o‘z vaqtida va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatilishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlis davomida “Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, pedagoglarni kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga noqonuniy jalb etish holatlari davom etayotganligi, pedagog xodimlar hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolar va masalalarni hal etish uchun tuzilgan ko‘plab ishchi guruhlar tarkibiga asossiz kiritilayotganligi, ulardan turli hisobot va ma’lumotlar talab etilayotgani qayd etildi.

Muhokama qilingan qonun bilan yuqorida qayd etilgan muammolarga yechim topish maqsad qilingan.

Mazkur qonunga muvofiq Jinoyat kodeksiga pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin xuddi shunday qilmishni takroran sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi norma kiritilmoqda.

Unga ko‘ra, ta’lim tashkilotining pedagog xodimini mehnatga ma’muriy tarzda qayta majburlaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir yuz ellik baravaridan ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pedagog xodimlarni mehnatga ma’muriy tarzda majburlaganlik, shu bilan birga, ularning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining kasbiy faoliyatiga ta’lim oluvchilarning bilimini to‘g‘ri va xolis baholashiga ta’sir ko‘rsatish yoki qonunga xilof ravishda aralashish, ta’lim tashkiloti pedagog xodimining xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Bunda Kodeksdagi sanksiyalar fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘lishi belgilanmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, ushbu qonun ta’lim tashkilotining pedagog xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar hamda pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga, shuningdek, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Bundan tashqari, Senat a’zolari “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonunni qizg‘in muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini sud tartibida himoya qilinishini ta’minlash uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati yuzaga kelayotganligi qayd etildi.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan qonun aholi va tadbirkorlik sub’ektlari murojaatlarini tez fursatlarda ko‘rib chiqilishini ta’minlashi senatorlar tomonidan alohida ta’kidlandi.

Qonun bilan davlat boji stavkalarining miqdorlariga qo‘shimcha kiritilmoqda. Jumladan, fuqarolar davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan davlat xizmatlarini ko‘rsatish bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma’muriy sudlarga murojaat qilganda belgilangan davlat boji stavkaning 50 foizi miqdorida to‘lashi belgilanmoqda. Bunda qolgan qismi belgilangan tartibda ishni ko‘rish natijasi bilan undiriladi.

Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur qonunda taklif etilayotgan norma fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari sud tartibida himoya qilinishi hamda ularning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar jarayonida bugungi kunda manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning jazoni o‘tash joylarini o‘zboshimchalik bilan tark etish holatlari sodir etilayotganligi, biroq bunday mahkumlarga nisbatan qat’iy jazo choralari belgilanmaganligi, manzil-koloniyasiga o‘tkazilgan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir etgan mahkumlar tomonidan jazoni o‘tash davrida bir qator og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlarni qayta sodir etish holatlari kuzatilayotganligi ta’kidlab o‘tildi. Birgina 2021 yilda manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan 15 nafar mahkum tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilgan bo‘lsa, 2022 yilda 77 nafar mahkum tomonidan shunday turdagi jinoyatlar sodir etilgan.

Shuningdek, qonunchilikda saqlash rejimini ashaddiy buzishning oqibatlari hamda mehnatdan bo‘yin tovlagan deb topishning aniq mezonlari belgilanmaganligi mahkumlar bilan olib borilayotgan tarbiyaviy ishlar samaradorligiga ta’sir qilayotganligi aytib o‘tildi.

Muhokama qilingan qonun nafaqat yuqoridagi muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan, balki jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan tartib-qoidalarga to‘liq rioya etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Xususan, qonun bilan kiritilayotgan o‘zgartirishlarga asosan jazoni ijro etish muassasasi hududini o‘zboshimchalik bilan tashlab ketgan mahkumlarni saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topish uchun asos bo‘ladigan 24 soatlik muddat 12 soatgacha qisqartirilib, jazoni o‘tash tartibini buzganlik uchun navbatdagi uchrashuvdan mahrum etish tarzidagi jazo chorasi belgilanmoqda.

Shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksi yangi 1121-modda bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi mahkumlarga nisbatan manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga, umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalardan turmaga o‘tkazish to‘g‘risida, shuningdek, manzil-koloniyadan umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga, qattiq tartibli koloniyadan maxsus tartibli koloniyaga, koloniyalardan turmaga qaytarish to‘g‘risida sudga taqdimnoma kiritilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, manzil-koloniyada jazoni o‘tash davrida saqlash rejimini ashaddiy buzganlik uchun umumiy tartibli koloniyaga o‘tkazilgan hamda umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga qaytarilgan mahkumlar, bu haqda sud ajrimi chiqqan kundan boshlab kamida ikki yil mobaynida, shuningdek, manzil-koloniyada jazoni o‘tash davrida jinoyat sodir etib, sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoga hukm qilingan mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazilmasligi belgilanmoqda.

Endilikda mahkumlarni manzil-koloniyaga o‘tkazish muddatlari uzaytiriladi, ya’ni og‘ir jinoyatlar uchun – jazoning kamida uchdan bir qismini, o‘ta og‘ir jinoyat uchun kamida yarmini o‘taganidan so‘ng mahkumlar manzil-koloniyaga o‘tkazilishi mumkinligi hamda shu munosabat bilan mahkumlarni jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish – og‘ir jinoyatlar uchun jazoning kamida uchdan ikki qismini o‘taganidan so‘ng, o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun esa kamida to‘rtdan uch qismini o‘taganidan so‘ng qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonunning amaliyotga tatbiq etilishi mahkumlarning jazoni ijro etish muassasalarida o‘rnatilgan tartib-qoidalarga to‘liq rioya etishlariga, tarbiyaviy tadbirlar samaradorligi oshishi hamda qayta jinoyat sodir etilishi holatlarining oldi olinishiga, mehnat qilishga bo‘lgan munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirishga, jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib-intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokamalar so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘nggi yillarda fuqarolarning iste’mol kreditlariga bo‘lgan talabi ortib borishi, shuningdek, mahsulot yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining kengayib borayotgani moliyaviy iste’mol kredit ajratilish yuzasidan amaldagi qonunga o‘zgartirish kiritishni taqozo etmoqda.

Shu kabi omillar inobatga olingan holda Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida “Moliyaviy iste’mol krediti berish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan “Iste’mol krediti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmagan tovarlar (xizmatlar) uchun ham iste’mol krediti ajratishga ruxsat berish ko‘zda tutilgan.

Xususan, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sotiladigan tovarlar (xizmatlar), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasiga tashqaridan keltirilgan tovarlar (xizmatlar) uchun moliyaviy iste’mol kreditlari berish imkoniyatini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, qonun bilan iste’molchi moliyaviy iste’mol krediti olish to‘g‘risida iste’mol tovarlarini (xizmatlarini) ishlab chiqaruvchi korxonani yoki realizatsiya qiluvchi tashkilotni oldindan yozma shaklda xabardor qilish tartibi bekor qilinmoqda.

Qonunning qabul qilinishi aholi iste’mol kreditlarini rasmiylashtirishda yengilliklar yaratilishiga, mamlakatda mahsulot ishlab chiqarish va xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining kengayishiga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “Davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakat taraqqiyotining hozirgi bosqichida keng ko‘lamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishni hamda fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishni talab qiladi.

Ushbu qonun aynan davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlash hamda ma’muriy sud ishlarini yuritishni xalqaro standartlarga mos holda takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Xususan, qonunda ma’muriy sud ishlarini yuritishni “sudning faol ishtiroki” tamoyili asosida amalga oshirish, bunda ma’muriy sudlarga o‘z tashabbusi bilan dalillarni yig‘ish majburiyatini yuklash belgilanmoqda. Huquqi buzilgan fuqaro yoki tadbirkorlik sub’ektiga ommaviy-huquqiy munosabatdan kelib chiqadigan nizo bilan birga zararni undirish talabi bo‘yicha ham ma’muriy sudga kiritish huquqi taqdim etilmoqda. Ma’muriy sudlarning hal qiluv qarorlari davlat organlari yoki tashkilotlari tomonidan ijro qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan sud jarimalarini qo‘llash, takroran ijro qilinmaganligi uchun sud jarimasini oshirilgan miqdorda qo‘llash belgilanmoqda. Ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar bo‘yicha taraflar o‘rtasida yarashuvga erishish mexanizmlari joriy qilinmoqda.

Shuningdek, sudlar tizimida “yagona darcha” tamoyilini keng joriy etish, bunda sudlar tomonidan da’vo arizasi, ariza hamda shikoyatni sudga taalluqli bo‘lmaganligi sababli qabul qilishni rad etish yoki ish yuritishni tugatishni taqiqlash hamda da’vo arizasi, ariza, shikoyatlarni ko‘rib chiqishga vakolatli sudga o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda. Iqtisodiy sud tomonidan berilgan ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisining chiqargan qarori ustidan iqtisodiy sudga emas, balki ma’muriy sudga shikoyat qilish belgilanmoqda.

Qonunning qabul qilinishi davlat organlari bilan munosabatlarda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari himoya qilinishini ta’minlashga, davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatishga, fuqaro va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirishga hamda aholining sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlis birinchi ish kunida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham qizg‘in muhokama qilindi.

Qonunga ko‘ra bolani chet davlat hududida nazoratsiz qoldirganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lgan bolani otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs yoxud hamrohlik qiluvchi shaxs chet davlat hududida bolani nazoratsiz qoldirganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan ellik baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarimaga tortilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin, yana xuddi shunday xatti-harakat sodir etganlik yoxud chet davlat hududida turgan bolaning sud tomonidan belgilangan muddatda O‘zbekistonga qaytarilishini ta’minlamaganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritilmoqda. Jumladan, shunday qonun buzilishlari uchun uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Yana bir muhim jihati shuki, endilikda “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgarishga ko‘ra bolaning otasi, onasi yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxs chet davlatda bolani nazoratsiz qoldirish, ya’ni ota-onaning, ular o‘rinini bosuvchi shaxsning bolaga ta’minot, tarbiya va ta’lim berish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bo‘yin tovlashi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Shuningdek, qonun bilan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilib, unga ko‘ra oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim va tarbiya olishi mumkin bo‘lgan bolalar soni yigirma besh nafardan ellik nafargacha ko‘paytirilmoqda. “Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilib, unga ko‘ra ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazilmoqda.

Xulosa qilib aytganda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”ga qonun bilan 4 ta kodeks va 4 ta qonunga zarur o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilib, xalqimizga xos bolajonlik, insonparvarlik fazilatlari, jamiyat va shaxs oldidagi mas’uliyat normativ-huquqiy hujjatlarimizda ham o‘z ifodasi topmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz yettinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati