O‘zbekistondagi Ozarbayjon Madaniyat markazida Umummilliy lider Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan Do‘stlik muzeyining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Dastlab tadbir ishtirokchilari Markaz hovlisidagi Haydar Aliyev byusti poyiga gul qo‘yishdi.
Shundan so‘ng ramziy bog‘ich kesilib, mehmonlar muzeyning turli bo‘limlari, eksponatlar bilan tanishdi. O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazi direktori Samir Abbosov mazkur muzey, xalqlarimiz va davlatlarimiz o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik va qardoshlik rishtasi haqida so‘zladi. Ozarbayjon uchun O‘zbekiston bilan munosabat doimo muhim bo‘lib kelgani, davlat rahbarlari uchrashuvlari tufayli kundan-kunga rivojlanib borayotgan hamkorligimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganiga urg‘u qaratdi.
S.Abbosov Markaz tomonidan Ozarbayjon-O‘zbekiston do‘stlik muzeyini yaratish yo‘lidagi ishlar ko‘p yillar davomida amalga oshirilgani, majmuadan tarixiy do‘stlik, umumiy qadriyat, davlat ramzi, xarita, milliy madaniy meros, xalqlarimiz yaqinligi aks etgan burchak va eksponatlar, maketlar, qiziqarli nashrlar joy olgani ta’kidlandi. U Haydar Aliyevning mamlakatlarimiz o‘rtasida munosabat, do‘stlik va hamkorlik o‘rnatishdagi bebaho yutuqlarini qayd etib, aynan shu sababdan muzeyning ochilishi Ozarbayjon xalqi milliy yetakchisi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlanganini bildirdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati Gulbahor Saidg‘aniyeva buyuk ajdodlarimizdan bizga meros qolgan ozarbayjon va o‘zbek xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik Nizomiy Ganjaviy, Alisher Navoiy, Muhammad Fuzuliy kabi tarixiy shaxslar timsolida qadimiy ildizga ega ekani, O‘z vaqtida Umummilliy lider Haydar Aliyev va buyuk davlat arbobi Sharof Rashidov o‘rtasida rivojlangani, endilikda esa Prezidentlar Ilhom Aliyev va Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati natijasida majud munosabatlar tarixiy pallaga kirganini so‘zladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan do‘stona aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev davlatlarimiz ko‘p millatli, ko‘p madaniyatli ekanini ta’kidlab, mamlakatlarimizda turli xalqlar o‘zaro hurmat, tinchlik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik tamoyili asosida yashayotganiga urg‘u qaratdi. U madaniy aloqalarimiz haqida so‘zlar ekan, ayni jarayonda Toshkentdagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyat markazining alohida o‘rni borligini e’tirof etdi. Mutaxassis muzeyga O‘zbekistonning mashhur ozarbayjonlari byusti o‘rnatilgani, shu asosda maxsus bo‘lim yaratilganini yuqori baholadi.
Shundan so‘ng Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Xalqaro press klub rahbari Sherzodxon Qudratxo‘ja so‘zga chiqib, Do‘stlik muzeyi madaniy-adabiy, do‘stlik aloqalari, ko‘plab mushtarak qadriyatlar, urf-odat va an’analar, ko‘rgazmali qurollar, noyob eksponatlar va burchaklar yordamida ko‘plab umumiy qadriyat va an’analarimiz namoyish etilganiga e’tibor qaratdi.
Muzey ikki qardosh xalqning mushtarak qadriyati – tilimiz, dinimiz, urf-odat va an’analarimiz, qadimiy va zamonaviy davrlarni bir makonda tiklagan. Majmua buyuk tarixiy shaxs Haydar Aliyevning yubileyi munosabati bilan ochilishi ikki xalq uchun tarixiy ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi direktori Jannat Ismoilova yuksak muzeyshunoslik didi va ijodiy g‘ayrat bilan bunyod etilgan ob’ekt kelgusida yangi muzeylar yaratish uchun namuna sifatida juda foydali bo‘lishini bildirdi. U mazkur Do‘stlik muzeyi tufayli ikki xalq va davlat o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, qarindoshlik, hamkorlikni keng tarannum etuvchi noyob markaz yaratilgani, unda namoyish etilayotgan eksponatlar puxta va mantiqiy tashkil etilgani, tashrif buyuruvchiga ijobiy ta’sir ko‘rsata oladigan muvaffaqiyatli taqdimot turi tanlanganini e’tirof etdi.
Muzeydan davlat rahbarlarining uchrashuvlari, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik, qardoshlik, xalqlarimizning yaqinligi g‘oya va shiorlari, Vatan sarhadlari ozodligiga doir fotostendlar ham joy olgan.
Muzeyning markaziy qismida ozarbayjon va o‘zbek xalqlarini birlashtirgan qadriyatlarga doir rassomlar ishlagan noyob suratlar, milliyligimiz, tilimiz, dinimiz, milliy bayramimiz bo‘lgan Navro‘z, mug‘om hamda maqom san’ati, oshiq va baxshichilik san’ati, har ikki o‘lkada o‘tkaziladigan xalqaro musiqa festivallari stendlari, burchaklar, modellar, liboslar, milliy musiqa asboblari va ko‘plab eksponatlar namoyish etilgan.
“O‘zbekistondagi taniqli ozarbayjonlar” bo‘limida diyorimizning ijtimoiy, madaniy hayotida faol ishtirok etgan Sayyid Rzo Alizoda, shoirlar Maqsud Shayxzoda, Ixtiyor Rzo, davlat arbobi Oydin Azimbekov, haykaltarosh Eynulla Aliyev, rassom Yusuf Huseynovning byusti, ularning asarlari va shaxsiy buyumlariga guvoh bo‘lish mumkin.
Marosimda Ozarbayjon-O‘zbekiston Do‘stlik muzeyi ochilishi jamiyatimiz va yosh avlod uchun tarixiy do‘stlik, hamkorlikni, xalqlarimiz yaqinligini namoyish etib, umumiy madaniy qadriyatlarni keng targ‘ib qilish uchun ko‘prik vazifasini o‘taydi.
G‘.Xonnazarov, O‘zA