Mamlakat hududida tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, raqobat muhitini himoya qilish, tovar, moliya va raqamli bozorlarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga sharoit yaratish juda muhim.

Bu borada “Raqobat to‘g‘risida” (2012) hamda “Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida”gi (1999) qonunlar qabul qilingan.

Mazkur qonunlar birlashtirilib, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi. Tabiiy monopoliya va ustun mavqega ega sub’ektlarga qo‘yiladigan talablarning aksariyat qismi birxillashtirildi.

Senatning o‘ttiz yettinchi yalpi majlisida mazkur yangi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.

Qonunda raqobat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari belgilangan. Ya’ni raqobatni himoya qilish, raqobatga qarshi harakatlarning oldini olish va to‘xtatish, respublika hududida iqtisodiy faoliyat erkinligi va tovarlarning erkin harakatlanishini ta’minlash, tovar va moliya bozorlarining samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoitlar yaratish qamrab olingan.

Bundan tashqari, qonun bilan bir qator yangi, ya’ni monopoliyaga qarshi komplayens, raqamli platforma kabi tushunchalar kiritilmoqda.

Qonunda ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari belgilanmoqda. Unga ko‘ra, tabiiy monopoliya sub’ektlari ham ustun mavqega ega sub’ektlar qatoriga qo‘shilmoqda.

Shu bilan birga, qonunda ustun muzokara kuchi instituti kiritilib, ushbu normaga ko‘ra, bitim shartlarini, tovarlar realizatsiya qilinadigan hududni va narxni belgilashga bir  tomonlama ta’sir ko‘rsatish imkoniyatining mavjudligi sababli boshqa sub’ektlar bilan shartnoma tuzishda, ularda ustun muzokara kuchi mavjud, deb baholanishi belgilanmoqda.

Tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini ta’minlash maqsadida qonunda raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan yordamni baholash tizimi joriy qilinmoqda.

Savdolarga doir raqobatni cheklashga qarshi talablar va o‘zaro bog‘liq bo‘lgan ishtirokchilarning bir vaqtda savdo jarayonlarida ishtirok etishiga taqiqlar belgilanmoqda.

Shuningdek, raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

Qonun raqobatga qarshi harakatlarning kamayishiga, iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishga huquqiy asos yaratadi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA