Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni investitsiyalar jalb qilish va sanoatni rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘ngi yillarda barcha tarmoqlardagi dasturlarga 31 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Natijada o‘tgan 5 yilda sanoat 1,4 barobar, eksport 1,5 barobarga oshdi.

Kelgusi 5 yilda iqtisodiyot barqaror o‘sishi uchun sanoatni yana 1,5 barobarga oshirish, eksportni 30 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan. Buning uchun 120 milliard dollar sarmoya, jumladan, 70 milliard dollar xorijiy investitsiya zarur.

Bunga investitsiya, sanoat va eksport bo‘yicha yaxlit siyosat yuritish orqali erishish mumkin. Shu bois “Yangi O‘zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoniga muvofiq, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashkil qilindi.

Yig‘ilishda jahon moliya bozorlaridagi vaziyatdan kelib chiqib, soha oldidagi muhim vazifalar ko‘rsatib o‘tildi.

Joriy yilda 11 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish, yirik investorlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Investitsiyalarni jalb qilishda iqtisodiy diplomatiyani va chet eldagi diplomatik vakolatxonalar ishtirokini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Yil yakunigacha 304 ta yirik va 3 mingta hududiy loyiha ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ularning natijasida qo‘shimcha 10 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Davlatimiz rahbari sanoat bo‘yicha tarmoq va hududlardagi qo‘shimcha zaxiralarni ishga solish, mahsulotlar raqobatdoshligini oshirish uchun tannarxni kamaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Xorijiy konsultantlarni jalb qilib, maxsus va kichik sanoat zonalarini hududlarni rivojlantirish “drayveri”ga aylantirish, ularda yangidan yaratilayotgan ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish zarurligi ta’kidlandi. To‘qimachilik, charm, qurilish materiallari, elektr texnikasi, oziq-ovqat, farmatsevtika, zargarlik kabi tarmoqlarda yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish, jahon brendlarini olib kelish orqali yangi bozorlarga chiqish muhimligi aytildi.

Yig‘ilishda ijtimoiy masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ichimlik suvi va yo‘l infratuzilmasi dasturlaridan kelib chiqib, ustuvor loyihalarni shakllantirish vazifasi qo‘yildi.