Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
So‘nggi yillarda energetika butun dunyoda dolzarb masalaga aylanib bormoqda. Shu bois salohiyatli davlatlar uning muqobil yo‘llarini izlamoqda. Bugun jahon energetikasida “yashil energetika” ulushi qariyb 30 foizga yetgan, ayrim Yevropa davlatlarida 80-90 foizdan oshgan.
O‘zbekistonda ham bu borada faol ish olib borilmoqda. So‘nggi uch yilda energetika sohasiga 8 milliard dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilindi. Xususan, Navoiy va Samarqand viloyatlarida quyosh elektr stansiyalari ishga tushirildi. Bu yil 18 ta shunday stansiyalar barpo etilmoqda. Bu orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasi 50 foizga ko‘payadi.
Umuman, energetika masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tibori va nazoratida. Bu sohada ko‘plab loyihalar, hududlarga tashriflar chog‘ida aniq vazifalar belgilanmoqda.
O‘zbekiston Prezidentining shu yil 16 fevraldagi qarori bilan, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirish bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Jumladan, “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etilib, unga dastlabki 10 million dollar yo‘naltirildi.
Mazkur dasturga ko‘ra, joriy yilda tadbirkorlar, ijtimoiy soha va aholi xonadonlarida 1 ming 700 Megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
Yig‘ilishda mutasaddilar shu boradagi ishlarning tashkiliy va moliyaviy jihatlari yuzasidan axborot berdi.
Xususan, ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralarida 220 Megavatt, tadbirkorlar tomonidan 1 ming 300 Megavatt va yangi qurilayotgan ko‘p qavatli uylar tomida 15 Megavatt quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilishi aytildi. Bu borada Andijon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Farg‘ona, Navoiy va Samarqandda faol ish boshlagan.
Davlatimiz rahbari joylarda ishlarni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.