Yevropa parlamenti deputati, tashkilotning O‘zbekiston bo‘yicha doimiy ma’ruzachisi Ilxan Kyuchyuk boshchiligidagi delegatsiya mamlakatimizda bo‘lib turibdi. Mehmonlari turli vazirlik, idora va oliy ta’lim dargohlarida uchrashuvlar o‘tkazyapti.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, mazkur oliy o‘quv yurti rektori Sodiq Safoyev bilan kechgan muloqotda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabat yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgani, birgalikdagi sa’y-harakat o‘ziga xos xususiyat kasb etayotgani qayd etildi. O‘zaro aloqa nafaqat hukumatlararo yuqori darajada, balki nodavlat tuzilmalari, fuqarolik jamiyati institutlari, ishlab chiqaruvchilar va biznes guruhlari, ilm-fan namoyandalari doirasida ham izchil rivojlanmoqda.
Tomonlar turli sohadagi hamkorlikning joriy holati va istiqbolini, birinchi navbatda, parlamentlararo aloqani faollashtirish masalasini muhokama qildi.
O‘zbekiston YeI bilan tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lamini muntazam kengaytirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Munosabatlar yaxshilanishi bilan bog‘liq yuqori o‘sish sur’ati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan jadal islohotlar tufayli yanada ijobiy mazmun, mohiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Tadbir davomida delegatsiya a’zolari JIDU talabalari va professor-o‘qituvchilari bilan suhbatlashdi, turli savollarga javob qaytarishdi, universitetda tashkil etilgan konferensiyada ham qatnashdilar.
Anjumanda Yevrosiyo va O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi masalasiga, mavjud global ekologik muammolarga ham e’tibor qaratildi. Bu muammolarni yumshatish va bartaraf etish bo‘yicha ilg‘or tajriba va metodlar o‘rganildi, mutaxassislar fikri tinglandi. Xalqaro moliya instituti vakillari, JIDU talaba va professor o‘qituvchilari, fransiyalik ekspertlarning onlayn, oflayn ma’ruzalari tinglandi.
Talabalar bilan uchrashuvda iqlim o‘zgarishi muammosi tahlil qilinarkan, ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biriga erishildi. Ya’ni, olimlarning hozirgi vaziyatdan kelib chiqadigan iqlim o‘zgarishi xususidagi fikrlarini tinglash, shunga asosan tavsiyalar ishlab chiqish imkoni paydo bo‘ldi.
– Fransiya hukumatiga tegishli bo‘lgan agentligimiz faoliyat yo‘nalishlaridan biri iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatishdan iborat, – dedi AFDning Toshkentdagi vakolatxonasi direktori Vinsent Kopen. – Biz, asosan, ortiqcha gaz va atmosferadagi issiqlikni kamaytirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtiramiz. Ayni payt O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalariga ulkan sarmoya kiritilmoqda. Bu uglerod emissiyasini kamaytirish uchun yaxshi energiya aralashmasiga ega bo‘lish imkonini beradi.
Go‘zal Sattorova,
Davron Ernazarov (surat) O‘zA