bugungi kunda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tarkibida 12 ta hududiy filial hamda 2 ta hududiy korxona faoliyat yuritadi. Ular tomonidan 0,4-6-10-35-110 kV kuchlanishli elektr tarmoqlari ekspluatatsiyasi, shuningdek, ularning rivojlanishi doirasida yangi qurilish, rekonstruksiya, kapital va joriy ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, tegishli uchta tashkilot elektr energiyasi iste’molchilariga xizmat ko‘rsatadi.

Xo‘sh, ushbu tashkilot 2022 yilni qanday yakunladi?  

“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati rahbari Faxriddin Nuraliyev bu haqda O‘zA muxbiriga intervyu berdi.

–O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 martdagi qaroriga asosan tashkil etilgan “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati elektr energiyasini yakuniy iste’molchilarga taqsimlovchi va sotuvchi hududiy elektr tarmoqlari korxonalarini boshqarishni amalga oshirib kelmoqda, – dedi F.Nuraliyev. – O‘tgan yil sarhisobiga to‘xtaladigan bo‘lsak, jamiyat tarkibiy korxonalari tasarrufidagi 35-110 kV kuchlanishli 1 ming 787 ta podstansiyadan chiquvchi 96 ming 17 dona transformator punkti va 270,3 ming kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari orqali 390,3 ming yuridik hamda 7,4 million maishiy iste’molchilarga 68 milliard kilovatt soat elektr energiyasi yetkazib berilgan. 2021 yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 105,6 foizdir.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 2022 yil tizim tashkilotlari uchun sinovli keldi. Shunga qaramasdan, barcha ishlar reja asosida olib borildi. Xususan, 2022/2023 yil kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida 28 020,8 kilometr elektr tarmoqlari va 9 ming 685 ta transformator punkti mukammal ta’mirdan chiqarildi. Bundan tashqari, 35-110 kV quvvatga ega podstansiyalarda 86 dona kuch transformatori va 377 ta o‘chirgich mukammal ta’mirlandi.

Yuqoridagi sa’y-harakatlar samarasida hududlarda 3,5 mingdan ortiq mahalla va qishloqlarda qariyb 3,7 millionta aholi iste’molchilari va 210 ming tadbirkorlik sub’ektining elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilandi.

Jamiyat tomonidan 2022 yil davomida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, raqamlashtirish va zarur elektr qurilmalarini mahalliylashtirish bo‘yicha ham keng ko‘lamli amaliy ishlar bajarildi. Bunda  Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturini tasdiqlash hamda investitsiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etdi.

Qarorga muvofiq, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan 2022 yil uchun 5 ta yirik investitsion loyiha doirasida 84,14 million dollar, jumladan, “Ishtixon” podstansiyasidan “Gornorudnaya-2” podstansiyasigacha 110 kVli ikkinchi elektr uzatish tarmog‘ini qurish loyihasi doirasida (NKMK dasturi) 0,22 million dollar, Samarqand shahri tashqi elektr ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida 8 million dollar, respublika bo‘yicha 0,4-6-10 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini yangilash va modernizatsiya qilish loyihasi doirasida 43,8 million dollar, mavjud 35-110 kV elektr tarmoqlarini qurish va modernizatsiya qilish loyihasi doirasida 15,8 million dollar va jamiyatda yangi billing tizimini ishlab chiqish va joriy etish loyihasi doirasida 13 million dollar miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Bundan tashqari, jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan qo‘shimcha loyihalar, xususan, EIZ va KSZlarni tashqi elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun 13,3 million dollar miqdorida o‘z mablag‘lari sarf qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 martdagi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan ham tizimli ishlar amalga oshirildi. Xususan, 9 ming 259 ta mahalla xatlovdan o‘tkazilib, muammo aniqlangan 1 ming 71 ta “olis” va “og‘ir” toifadagi mahallada umumiy uzunligi 5 125,6 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 1 ming 63  transformator punkti yangilandi.

Transformatsiya ishlari va moliyaviy sog‘lomlashtirish sa’y-harakatlari natijasi o‘laroq, 2022 yilda “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning xalqaro indikativ reytingi “BB-” “Barqaror” darajada baholandi. Bu reyting tashkilotimizni jahonning investitsiya bozorida aniq biznes strategiyasi, shaffof moliyaviy holati va kuchli korporativ boshqaruv tizimiga ega korxona sifatida tanitishga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi