Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazining yangidan barpo etilgan zamonaviy sport zalida “Universiada – 2023” sport o‘yinlari dasturidan joy olgan sportning belbog‘li kurash turi bo‘yicha yuqori saviyada bo‘lib o‘tgan respublika final bosqichida ham eng kuchli va iqtidorli sportchilar saralandi.

Ikki kun davom etgan musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 98 nafar yigitlardan iborat sportchi-talabalar 55, 60, 66, 73, 81, 90 va +90 kilogramm vazn toifasida g‘oliblik uchun bahslashdi.

Toshkent viloyati hokimligi, O‘zbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi, Toshkent viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi hamda O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan turnirning barcha vazn toifalari bo‘yicha g‘olib va sovrindor sportchilar nomi aniqlandi.

Umumjamoa hisobida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining talabalaridan iborat Toshkent viloyati jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘rinni Farg‘ona viloyati talabalari qo‘lga kiritgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin namanganlik talabalarga nasib etdi.

Taqdirlash marosimida Toshkent viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Rustam Boboqulov, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, O‘zbekiston talablar sporti assotsiatsiyasi sport bo‘limi boshlig‘i G‘olibjon Ibodov ishtirok etdi. G‘olib va sovrindorlar diplom, medal va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan mukofotlandi.

A.Musayev,
O‘zA.