Joriy yil 16 fevralda “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2023 yilda umumiy quvvati 4 300 MVt bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari ishga tushiriladi. Jumladan, 2 100 MVt – yirik quyosh va shamol elektr stansiyalari, 1 200 MVt – ijtimoiy soha ob’ektlari, xo‘jalik sub’ektlarining bino va inshootlari hamda xonadonlarda o‘rnatiladigan quyosh panellari, 550 MVt – tadbirkorlar tomonidan barpo etiladigan kichik fotoelektr stansiyalari ishga tushuriladi.
Shuningdek, 2023 yilda davlat-xususiy sheriklik asosida 27 ta yirik quvvatli quyosh va shamol elektr stansiyalari quriladi. 20 mingta ijtimoiy soha ob’ektlari va davlat idoralarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatiladi.
Jami 11 ming nafar tadbirkorning bino va inshootlarida quyosh panellari o‘rnatiladi hamda kichik fotoelektr stansiyalari quriladi. 37 ming aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatiladi.
Foydalanishga topshiriladigan 765 ta ko‘p qavatli uylar qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlanadi. Hududlarda 103 ta kichik va mikro gidroelektrstansiyalar barpo etiladi. 5 407 ta ijtimoiy soha ob’ektlari ko‘mir bilan isitiladi.
2023 yil 1 apreldan respublika hududlarida aholi xonadonlariga kichik quvvatli (umumiy quvvati 50 kVt gacha) quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshiriladi.
Dastur doirasida aholi tomonidan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasining har bir kilovatt-soatiga 1 000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Qarorga ko‘ra shuningdek, ijtimoiy soha ob’ektlari, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning bino va inshootlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Yashil energiya” kompaniyasi tashkil etildi.
O‘zA