Nukusda “Qoraqalpog‘iston Respublikasining kam rivojlangan hududlarida qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish barqaror tizimini rivojlantirish” loyihasi ijrosiga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy Innovatsion rivojlanish boshqarmasi, Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA), O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Qoraqalpog‘iston dehqonchilik ilmiy tadqiqot instituti vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasida yerlardan yanada samarali foydalanishni rag‘batlantirish, shikastlangan tuproq va tashlandiq yerlarni qayta ishlash, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini rivojlantirish, noqulay muhitga chidamli oziq-ovqat va yem-xashak ekinlarini joriy etish, agrobiologik xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash hamda sho‘rlangan maydonlarda biodehqonchilik mexanizmlarini yaratish, sohaga innovatsion texnologiyalarni keng jalb qilishga qaratilgan. Abu Dabi rivojlanish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan umumiy qiymati 5,1 million AQSH dollari bo‘lgan loyihani amalga oshirish natijasida sharoiti og‘ir bo‘lgan mahalla va qishloqlarda aholining turmush sharoiti, mahalliy hududlarning iqtisodiy-ijtimoiy holati yaxshilanishi kutilmoqda.

Uchrashuvda bajarilishi 4 yilga mo‘ljallangan ushbu loyihaning birinchi yilida amalga oshiriladigan ishlar to‘rg‘risida axborot berildi. Mahalliy olimlar va soha mutaxassislari tomonidan bildirilgan takliflar inobatga olindi. Qayd etish joizki, Abu Dabi rivojlanish jamg‘armasi tomonidan mazkur loyihaga 5,1 million AQSH dollari grant mablag‘ini ajratish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2022 yilning 20 aprel kuni o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanib, 2022 yilning 26 sentyabr kuni start berilgan edi.


Dovud ABIBULLAEV,  

O‘zA muxbiri