“Bo‘lajak mintaqalararo forum oldidan joriy savdo-iqtisodiy munosabatlar” mavzusida Boku – Toshkent video ko‘prigi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Ozarbayjonning “Janubiy Kavkaz” siyosatshunoslar klubi bilan hamkorlikda, mamlakatimizning Bokudagi elchixonasi va “Sputnik Ozarbayjon” xalqaro axborot agentligi ko‘magida tashkil qilingan tadbirda ikki davlat tahliliy markazlari yetakchi ekspertlari, diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Joriy yil 23-24 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Ozarbayjon mintaqalararo forumi oldidan o‘ziga xos ekspert muqaddimasiga aylangan uchrashuv ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va o‘sish sur’atini tahlil qilish, strategik sheriklikni chuqurlashtirish yuzasidan atroflicha fikr almashish imkonini berdi.
Tadbir ishtirokchilari O‘zbekiston va Ozarbayjon rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat rivojlanishning sifat jihatidan yangi bosqichiga qadam qo‘ygani, tobora “strategik teranlik” kasb etib borayotganini alohida ta’kidladilar.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning 2022 yildagi O‘zbekistonga davlat tashrifi yakuni bo‘yicha keng ko‘lamli kelishuvlarga erishilgani, bo‘lib o‘tgan muzokaralar birgalikdagi sa’y-harakatlarning yuqori o‘sish nuqtalarini belgilab, maqsadlarga erishish omillarini ko‘rsatib bergani qayd etildi.
Ayniqsa, Toshkent va Boku allaqachon hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini, jumladan, tijoriy aloqani kengaytirishga kirishgan. Bu energetika, transport, aloqa, mashinasozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatida, ayniqsa, yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Tadbir davomida ozarbayjonlik ekspertlar tomonlarni qiziqtirgan sohalardagi munosabatning bugungi holati va istiqboli bilan o‘rtoqlashdilar.
Ozarbayjonning “STEM” tahliliy markazi direktori O‘rxon Elchuyev fikricha, Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev davrida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan davlatlarimiz o‘rtasidagi tarixiy yaqin do‘stlik ulkan foydalanilmagan salohiyatga ega.
Bunga O‘zbekistonning so‘nggi yillarda sezilarli darajada oshgan xalqaro nufuzi, yangi tashqi siyosiy yo‘li sabab bo‘lmoqda.
— Tashqi munosabatdagi ochiqlik siyosati O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning muhim davlatiga aylantirmoqda, — dedi Elchuyev. — Darhaqiqat, bugun respublika o‘zining uchinchi Renessans davrini boshdan kechirmoqda.
Ozarbayjonlik siyosatshunos amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli xorijiy davlatlarning davlatimizga qiziqishi ortib borayotganini e’tirof etarkan, jumladan, Ozarbayjon biznes vakillari ham endilikda diyorimizga jiddiy qiziqish bildirayotganiga urg‘u berdi. 2022 yil boshida O‘zbekistonda Ozarbayjon ishtirokida 178 kompaniya bo‘lgan, hozir bu raqam 266 ga yetdi.
“STEM” markazi rahbari aytishicha, jahonda energetika inqirozi, kimyo va oziq-ovqat xom ashyosi taqchilligi kuzatilayotgan hozirgi davrda transport-logistika tarmog‘idan, xususan, O‘rta yo‘lakdan foydalanish o‘ta dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu yo‘nalishda esa O‘zbekiston asosiy rollardan birini o‘ynaydi.
— Bu mamlakatlarimiz uchun katta imkoniyat ochadi, — deydi ekspert. — Umuman, so‘nggi paytda savdo-iqtisodiy munosabat jadal rivojlanmoqda. Birgina o‘tgan yil tomonlar sa’y-harakati tufayli o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori 53 foiz oshib, 118.8 million dollardan 181.8 million dollarga ko‘tarildi.
“Janubiy Kavkaz” siyosatshunoslar klubi rahbari Ilgar Valizoda muhokamani davom ettirarkan, hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha davlatlarimiz o‘rtasidagi qator istiqbolli yo‘nalishlar mavjudligiga e’tibor qaratdi.
Mutaxassis mamlakatimizning g‘o‘za seleksiyasi bo‘yicha muvaffaqiyatiga urg‘u berib, Ozarbayjon yangi g‘o‘za navlarini yetishtirishda O‘zbekiston tajribasini qo‘llashdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Ozarbayjonga eksport qilish yo‘lga qo‘yilgan o‘zbek ipagiga ham qiziqish ortganiga alohida to‘xtaldi.
Ozarbayjon Iqtisodiyot instituti yetakchi ilmiy xodimi, iqtisod fanlari nomzodi Emin Mammadzoda Ozarbayjonning ozod qilingan hududlarini tiklashda O‘zbekiston ko‘rsatayotgan yordamni, xususan, respublikamiz Fuzuliy shahridagi umumta’lim maktabi qurilishiga ko‘maklashish majburiyatini olganini hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida ko‘rsatdi.
Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, bunday misollar o‘zaro munosabatning yuqori darajasini ifodalaydi.
— Ushbu aloqalar yanada rivojlanib boradi, — deya xulosa qildi ekspert.
Videokonferensiya ishtirokchilari ekspertlar muloqotini muntazam o‘tkazish va keng targ‘ib qilish muhimligiga e’tibor qaratdilar. Zero, aynan tahliliy markazlarning birgalikdagi faoliyati davlat rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ro‘yobiga hissa qo‘shishi mumkin. Yangi g‘oyalarni vaqtida saralab olish va aloqalarni mustahkamlash, zarur yo‘nalishlarda rivojlantirish zarur.
Ekspertlar bo‘lajak Ozarbayjon — O‘zbekiston mintaqalararo forumi hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga kuchli turtki berishini ta’kidladilar. Foydalanilmayotgan zaxiradan, qo‘shimcha imkoniyatlardan samarali foydalanish yangi qo‘shma g‘oyalar yaratish, sanoat kooperatsiyasi va sarmoyaviy sohada mintaqalar aro aloqani chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
G‘.Xonnazarov tayyorladi.
O‘zA