O‘tgan asrda 725 mingdan ziyod odamning hayotiga zomin bo‘lgan 6 ta dahshatli zilzila yuz bergan. “Riamo” nashri ushbu ofatlarni yodga oldi.

Gansu provinsiyasi, Xitoy. 1920 yil.

Xayyuan o‘lkasida 16 dekabr kuni yuz bergan ushbu zilzila 270 mingga yaqin insonni hayotdan olib ketdi. Plitalar harakati sabab ko‘plab yoriq hosil bo‘ldi, yer o‘pirildi. Zilzila kuchi 7.8 balldan yuqori edi. Birinchi kuchli zarbadan so‘ng yer yana ketma-ket qimirladi. Silkinish shu qadar kuchliligidan ommaviy vayronagarlik 3.8 ming kvadrat kilometrni qamradi. Seysmik tebranish 4 million kvadrat kilometr hududda sezildi.

Kanto, Yaponiya. 1923 yil.

1 sentyabr kuni sodir bo‘lgan, magnitudasi 8.3 ballni tashkil etgan bu falokat Tokio va Yokogamani to‘liq vayron qildi. Zilzila markaziy nuqtasi poytaxtdan 90 kilometr masofada joylashgan edi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, qurbonlar 142 ming, taqdiri noma’lum kishilar 40 ming kishi edi. Milliondan ortiq kishi boshpanasiz qolib, jabrlanganlar soni 4 millionga yaqinlashgan.Bu kun chiqar yurt tarixidagi eng halokatli zilzila edi.

Ashxobod, Turkmaniston. 1948 yil.

Ashxobodda 6 oktyabrga o‘tar kechasi boshlangan 7.3 magnitudali zilzila o‘chog‘i shahar ostida, 18 kilometr chuqurlikda edi. Eronning qo‘shni tumanlari va shaharlari ham zarar ko‘rgan ushbu halokat qurbonlari soni ma’lum emas. Taxminlarga ko‘ra, Ashxobod va yaqin hududlarda 40 mingdan ziyod inson halok bo‘lgan. 10 mingga yaqin kishi og‘ir jarohatlangan.

Valdiviya, Chili. 1960 yil.

Insoniyat tarixidagi eng kuchli zilzilalardan biri 22 mayda Chilida yuz bergan. 9.5 ball magnitudali silkinish 200 ming kvadrat/kilometr maydonda sezilgan. Yer qimirlashidan Yaponiya va Filippingacha yetib borgan 10 metr to‘lqinli sunami yuzaga kelgan. Qurbonlar soni, nisbatan, kamroq – 6 mingga yaqin edi. Ko‘pchilik sunami ta’sirida halok bo‘lgan.

Tyanshan, Xitoy. 1976 yil 28 iyul.

Xitoy hukumati rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, qurbonlar, vayronalar soni bo‘yicha ulkan ko‘lam kasb etgan mazkur ofatda halok bo‘lganlar soni 242 ming kishini tashkil etdi. Zilzila magnitudasi 7.8 ballga tenglashdi. Binolarning 90 foizi ilk zarbadanoq kunpayakun bo‘ldi. Fojia kechasi, hamma uxlab yotgan mahal yuz berdi. Bu gal 130 martaga yaqin takroriy silkinishlar 1 avgustgacha davom etdi.

Spitak, Armaniston. 1988 yil.

XX asrda yana bir qo‘rqinchli zilzila kuzatilgan. 7 dekabr kuni Armaniston shimoli-g‘arbida yuz bergan tabbiy ofat 25 ming kishining yostig‘ini quritdi. Zilzila oqibati Armaniston hududining, deyarli, 40 foiziga tarqaldi. 140 ming kishi jarohat oldi yoki nogiron bo‘lib qoldi, 514 ming inson boshpanasiz qoldi. Spitak 6.8 magnitudali zilzila markazida joylashgan edi. Bundan tashqari yaqin atrofdagi 58 ta qishloq butunlay vayron bo‘ldi. Ketma-ket silkinish 321 shahar va aholi manziliga ziyon yetkazdi.

I.Abdumalikzoda tayyorladi.

O‘zA