Birlashgan Millatlar Tashkiloti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu tuzilma xalqaro hamjamiyatni joriy yil notinchlikdan jabr ko‘rgan ukrainaliklar uchun 5.6 milliard dollar ajratishga chaqirmoqda. Ushbu mablag‘ning 3.9 milliardi mamlakatdagi 11 million muhtoj ukrainalikni oziq-ovqat, tibbiy va moliyaviy yordam bilan ta’minlashga sarflanadi. 1.7 milliard Bolgariya, Chexiya, Ruminiya, Moldova, Vengriya, Estoniya, Latviya, Litva, Polsha va Slovakiyaga ko‘chib o‘tgan qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Mazkur davlatlar hududida hozir Ukrainadan ketgan 4 milliondan ziyod muhojir yashaydi.

BMT bugungi kunda Ukraina aholisining qariyb 40 foizi insonparvarlik yordamiga, himoyaga muhtojligini, ukrainalik qochqinlarning qo‘shni yurtlarga oqimi Yevropada misli ko‘rilmagan gumanitar inqiroz keltirib chiqarganini qayd etdi.

– Oradan bir yil o‘tsa-da, har kuni misli ko‘rilmagan miqyosda o‘lim holati, vayronagarchilik kuzatilmoqda, – dedi BMT Bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits. – Yordam vaziyat eng og‘ir aholi nuqtalariga, jumladan, front chizig‘iga yaqin joylarga yetib borishi uchun bor imkoniyatni ishga solishimiz kerak. Ukraina xalqi hali xalqaro yordamga muhtoj.

BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissari Filippo Grandi qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashda mezbon hukumatlar, shuningdek, mahalliy nodavlat tashkilotlar muhim rol o‘ynaganini ta’kidladi.

Grandining so‘zlariga ko‘ra, qochqinlar shunchaki qabul qilinmadi, vaqtinchalik himoya choralari ularga ishlash, xizmatlardan foydalanish huquqini berdi, ularning milliy tizimlarga kiritilishini ta’minladi. Binobarin, mezbon davlatlar mehmondo‘stligini odatdagidek qabul qilish kerak emas. Qochqinlar uyiga qaytguncha xalqaro yordam va birdamlikni davom ettirish zarur.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil Ukraina bo‘ylab qariyb 16 million kishi yordam olgan va himoyalangan. Olti million kishi moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlangan. Qolaversa, Yevropa mamlakatlaridagi millionlab ukrainalik qochqinlar, jumladan, 600 mingdan ko‘p bolaga ham yordam ko‘rsatilgan.

O‘zA