O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiya amaliy tashrif bilan Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif chog‘ida 15 fevral kuni Energetika vazirligi va “CEEC ENERGY CHINA” kompaniyasi o‘rtasida Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 2000 megavattli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyasi tomonidan yurtimizga 2 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.
Mazkur quyosh fotoelektr stansiyalarining ilk quvvati joriy yil yakuniga qadar ishga tushirilishi rejalashtirilgan. 2024 yilda stansiyalar to‘liq quvvat bilan ishlay boshlaydi.
Buning natijasida yiliga 5,2 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. 1,4 milliard metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.
Tadbir yakunida tomonlar ushbu yirik loyihalarning istiqbollari va tez fursatlarda stansiyalar qurilish ishlarini jadal sur’atlarda amalga oshirishga kelishib oldi.
O‘zA