Fransiya poytaxti Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari tashkiliy qo‘mitasi “Parij-2024” uchun mo‘ljallangan sport piktogrammalari va vizual taqdimot g‘oyalarini taqdim etdi.

Tashkilotchilar o‘zgacha dizayndagi piktogrammalar Olimpiadaning “madaniy inqilobi” bo‘lishiga ishonishadi.

“Parij-2024” uchun 62 xil piktogramma yaratildi. Ulardan sakkiztasi Paralimpiya sport turlariga bag‘ishlangan.

Bo‘lajak o‘yinlarning piktogrammalari fransuz nafisligi, qadimiy shahar manzarasidagi toshli ko‘chalarning ramziyligini o‘zida ifoda etadi. Ular o‘yinlar mobaynida maxsus plakatlar, bayroqlarda aks etadi.

Piktogrammalar nafaqat sport intizomini, balki madaniyati, g‘urur, qadriyatlarni ifodalovchi “faxriy nishon” hisoblanadi, deyiladi “Parij-2024” tashkiliy qo‘mitasi xabarida.


T.Ro‘ziyev, O‘zA