O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi joriy yilning 3-5 mart kunlari Toshkentda o‘tadigan “Katta dubulg‘a” turnirida qatnashish uchun bugungacha qancha davlat terma jamoalari ro‘yxatdan o‘tganini e’lon qildi.

Xabarda keltirilishicha, “Parij-2024” Olimpiadasi reyting ochkolarini taqdim etadigan Toshkent bahslarida hozircha besh qit’aning 26 ta terma jamoasi dastlabki talabnomalarni taqdim etgan.

Ular orasida Kanada, Markaziy Afrika Respublikasi, Xitoy Taypeyi, Kuba, Kipr, Estoniya, Buyuk Britaniya, Yamayka, Qozog‘iston, Livan, Monako, Chernogoriya, Yangi Zelandiya, Polsha, Samoa, Saudiya Arabistoni, Sloveniya, JAR, Ispaniya, Shvetsiya, Shveysariya, BAA, AQSH, Vetnam, Turkmaniston jamoalari bor.

Toshkent tatamilaridagi murosasiz bahslarda o‘nlab Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionati g‘oliblari qatnashishi kutilmoqda.

Yana bir e’tiborli jihat, mazkur “Katta dubulg‘a” turniridan so‘ng poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha o‘nlab davlatlarning terma jamoalari ishtirokida xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini o‘tkazilishi nazarda tutilgan.


T.Ro‘ziyev, O‘zA