Prezidentning 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida”gi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan farmoni loyihasida ta’lim sifatini oshirish, sohani ilg‘or xorijiy tajriba asosida isloh qilish choralari belgilandi.

Unda 2023 yil 1 sentyabrdan boshlab har bir tuman (shahar)ning bittadan umumiy o‘rta ta’lim muassasasida o‘quvchilarni ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.

Natijada, 76 ta maktabda fransuz tili, 76 tasida nemis, 37 tasida ingliz, 10 tasida koreys, 6 tasida xitoy va 3 tasida yapon tillari ikkinchi xorijiy til sifatida o‘qitiladi. Shuningdek, o‘quvchilar 10-sinfdan boshlab 64 ta ishchi kasblar, 21 ta sohada tadbirkorlikka, 10 ta IT va “kreativ industriya” yo‘nalishidagi kasblarga o‘rgatiladi. Ushbu jarayonga yoshlar yetakchilari va hududdagi taniqli tadbirkorlar jalb qilinadi.

2023/2024 o‘quv yilidan boshlab bosqichma-bosqich umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida o‘quvchilarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, shuningdek, ularda kommunikativ ko‘nikmalar, tanqidiy va kreativ fikrlash, hamkorlikda ishlash, tadqiqotchilik kabi ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan yangi o‘quv dasturlari amaliyotga kiritiladi.

Bunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 1-4 sinflarida o‘quvchilarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan darsliklar bo‘yicha o‘qitish, 5-9-sinflarda o‘quvchilarga umumta’lim fanlaridan tayanch bilimlar berish, 10-11-sinf o‘quvchilarining qiziqish va qobiliyatiga mos bo‘lgan ixtisoslashgan dasturlar asosida bilim berish amaliyoti joriy qilinadi.

Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini jamoa bo‘lib ishlash, muloqot qilish, kreativ va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalari asosida o‘quvchini mantiqiy fikrlashga, o‘z fikrini ifoda eta olishiga va darslarda erkin muhitni shakllantirishga e’tibor beriladi.

10-11-sinflarda 14 ta majburiy fanlardan haftalik yuklamasi 31 soatni tashkil etadi. Takomillashtirilgan o‘quv reja asosida 8 ta majburiy fan va 2 ta tanlov fan (kimyo-biologiya, matematika fizika, tarix-huquq, ona tili va adabiyot-chet tili) tanlash imkoniyati yaratiladi.

O‘zA