Turkiyada zilzila natijasida hozirgacha 2 ming 921 kishi qurbon bo‘ldi,15 ming 834 kishi jarohat olgan, deb xabar bermoqda Anadolu agentligi favqulodda vaziyatlar bo‘yicha boshqarma (AFAD) ma’lumotlariga tayanib.

“Turkiya janubida ro‘y bergan zilzila qurbonlari 2 ming 921 kishiga yetdi, 15 ming 834 kishi jarohat oldi”, deyiladi agentlik tarqatgan xabarda. 

Tabiiy ofat Suriya xalqiga ham kulfat keltirdi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qilishicha, hozirgacha, zilzila qurbonlari soni 656 kishiga yetgan. Avvalroq 593 kishi halok bo‘lgani haqida aytilgan edi.

“Aleppo, Latakiya, Xama va Tartus viloyatlarida jami 656 kishi halok bo‘ldi, 1 ming 419 kishi jarohat olgan. Bu ma’lumotlar hozircha yakuniy emas”, – deyiladi vazirlik tarqatgan bayonotda.

Turkiya Favqulodda vaziyatlar davlat departamentining aniqlik kiritishicha, zilzila dushanba kuni tongda mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da  Qahramonmarash viloyatining Pazarjik tumanida sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng yer silkinishlari yarim soat davomida turli hududlarda  – Adana, Anqara, Antalya, Gaziantep, Qaysari, Mersin, Trabzon, Shonliurfa va boshqa shaharlarida davom etgan.

“Al Arabiya” telekanalining qayd etishicha, yer silkinishlari Iroq, Suriya va Livanning ayrim hududlarida ham sezilgan.

Turkiyada 1939 yildan buyon bu qadar kuchli zilzila kuzatilmagan. Mazkur yer silkinishi 1939 yildan buyon eng kuchlisi bo‘lib, 7,7 magnitudani tashkil etgan.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an 12 fevralgacha mamlakatda milliy motam  e’lon qildi.