Turkiya hozircha biror bir mamlakatga zilzila oqibatlarini bartaraf qilishda yordam so‘rab murojaat qilmadi.
Avvalroq Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyli xalqaro yordam zarurligini nazarda tutuvchi favqulodda halot e’lon qilingani haqida aytgan edi.
“Hozircha hech qanday murojaat bo‘lmadi”, – degan RIA Novostiga mahalliy vakillarning biri.
Yordam so‘rab murojaat qilinishi mumkinmi, deb berilgan savolga “zarurat paydo bo‘lsa, so‘raladi” deb javob qilgan.
Mamlakat Favqulodda vaziyatlar davlat departamentining aniqlik kiritishicha, zilzila Qahramonmarash viloyatining Pazarjik rayonida mahalliy vaqt bilan soat 04.17da 7 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan. Shundan so‘ng yer silkinishlari yarim soat davomida turli hududlarda – Adana, Anqara, Antalya, Gaziantep, Qaysari, Mersin, Trabzon, Shonliurfa va boshqa shaharlarida davom etgan, deb yozmoqda “Anadolu” agentligi.
Bundan tashqari, “Al Arabiya” telekanalining qayd etishicha, yer silkinishlari Iroq, Suriya va Livanning ayrim hududlarida bilingan.
Ma’lumotlarda, shuningdek, mamlakatning kamida to‘rt viloyatida vayronagarchiliklar qayd etilgan. Ko‘p qavatli uylarning qulashi Qahramonmarash, Malatya, Shonliurfa va Gaziantep viloyatlarida kuzatilgan.
Shunday bo‘lsada, Turkiya hukumati qurbonlari soni bo‘yicha aniq raqamlarni ayta olmayapti. Zilzila markazi bo‘lgan Turkiyaning Qahramonmarash viloyati gubernatori bayonot berishicha, qurbonlar sonini aniq aytishning imkoni yo‘q.
“Hozirgi paytda qurbonlar va jarohat olganlar hamda vayron bo‘lgan binolarning aniq sonini aytish qiyin. Ko‘rilgan zarar o‘ta jiddiy”, – deydi gubernator O‘mur Choshqin.
Mamlakatning favqulodda vaziyatlar bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, yettita viloyatda hozirgacha jami 76 kishi qurbon bo‘lgan, 440 kishi jarohat olgan.
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning bayonot berishicha, tegishli idoralar, jumladan, qutqaruvchilar zilzila oqibatlarini bartaraf qilishni allaqachon boshlab yuborgan.
Prezident zilziladan jabr ko‘rgan fuqarolarga ko‘rgan-kechirganlaridan tezroq o‘zlariga kelib olishini tilagan.
“Qidiruv-qutqaruv guruhi zilziladan jabr ko‘rgan hududlarga zudlik bilan jo‘natilgan. Ichki ishlar va sog‘liqni saqlash vazirliklari, Favqulodda vaziyatlar bo‘yicha boshqarma (AFAD), viloyatlar gubernatorlari va boshqa barcha muassasalar zilzila oqibatlarini bartaraf qilish ishlarini zudlik bilan boshlab yubordi. Biz zilziladan keyin boshlangan barcha ishlarni muvofiqlashtirib boramiz”, – deb yozdi Erdog‘an ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali.
“Umid qilamanki, hammamiz birgalikda bu halokatdan o‘zimizni tez fursatda va eng kam ziyon bilan o‘nglab olamiz”, – deb yozgan Erdog‘an.
Ommaviy axborot vositalarining yozishicha, zilzila oqibatida Gaziantepda tarixiy qal’a vayron bo‘lgan.
“Ma’lum bo‘lishicha, Gaziantepda zilzila oqibatida tarixiy qal’a qulab tushgan”, – deb yozmoqda Posta gazetasi.
Ta’kidlash joizki, Gaziantep YUNESKOning tarixiy shaharlar ro‘yxatiga kiradi.
Amerikalik tadbirkor va milliarder Ilon Maskning ma’lum qilishicha, uning SpaceX kompaniyasi zilziladan katta zarar ko‘rgan Turkiyaga yordam tariqasida Starlink yo‘ldosh aloqa tizimlarini jo‘natishga tayyor.
“Starlink Turkiya hukumati tomonidan hozircha ma’qullanmadi. SpaceX ruxsat olishi bilan ularni jo‘natadi”, – deb yozdi u Twitter orqali, foydalanuvchilardan birining Turkiyada zilzila tufayli aloqalarda uzilishlar kuzatilayotgani bois Starlink yo‘ldoshlari bilan yordam bera olasizmi, deb bergan savoliga javob bera turib.
“Al Arabiya” telekanalining qayd etishicha, yer silkinishlari Iroq, Livanning ayrim hududlarida ham bilingan. Zilzila oqibatlari, ayniqsa, Suriyada katta talofat keltirgani aytilmoqda. Suriya sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 237 kishiga yetgan, 639 kishi jarohat olgan. Xabarda keltirilishicha, fojia qurbonlari va jabr ko‘rganlar hamda ko‘rilgan iqtisodiy zararni yakuniy hisob-kitob qilishga hali erta.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Turkiya va Suriyaga zilzila oqibatlarini bartaraf qilishda yordam berishga tayyor, deb bayonot berdi Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Tobias Billstryom.
“Turkiya va Suriyada yuz bergan tabiiy ofat
oqibatlaridan chuqur qayg‘udaman. Shvetsiya Yevroittifoq kengashiga raislik qilayotgani bois ushbu mamlakatlarda yuz bergan zilzila oqibatlarini tugatishga yordam berish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni muvofiqlashtirib olish uchun biz Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘liga va Suriyaga murojaat qilmoqchimiz”, – deb yozgan Billstryom o‘zining ijtimoiy tarmog‘ida.
Italiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari va tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani ham uning mamlakati Turkiyaga qutqaruv vositalarini, fuqaro mudofaasi xizmati mutaxassislarini jo‘natishga tayyor, deb bayonot berdi. “Men hozirgina Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li bilan bog‘landim va unga Italiyaning Turkiyaga hamdard ekanini bildirib, fuqaro mudofaasi xizmati mutaxassislarini jo‘natishga tayyorligimni aytdim”, – deb yozgan u ijtimoiy tarmoq sahifasida.
Shuningdek, Tayani uzoq yillik urush kamlik qilganidek, “yana bir zarbani boshdan kechirayotgan” Suriya xalqini ham qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.
So‘nggi xabarlarda Turkiyada zilzila qurbonlari soni 284 kishiga yetgani aytilmoqda. 2,5 ming kishi jabr ko‘rgan, deb ma’lum qilgan mamlakat vitse-prezidenti Fuat Oktay.
Qurbonlarning eng katta qismi zilzila markazi bo‘lgan Qahramonmarash viloyati aholisiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yerda 70 kishi qurbon bo‘lgan, 300 ga yaqin bino vayron bo‘lgan. Zilziladan eng ko‘p jabr ko‘rganlar (600 kishi) Shanliurfa viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda, deyiladi xabarda.
Eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, Turkiyaning bir qator viloyatlarida sodir bo‘lgan halokatli zilzila oqibatlarini bartaraf etish uchun Eronlik yordam guruhi Turkiyaga yo‘l olgan. Shuningdek, Ozarbayjondan ham yordam guruhlari va armiya Turkiyaga yo‘l olgani aytilmoqda.
Turkiya hukumati shoshilinch xalqaro yordam so‘ramoqda, deyiladi OAV xabarlarida.
(Ma’lumotlar internet xabarlaridan olindi)
S.Rahimov, O‘zA