“Anadolu” axborot agentligi xabariga ko‘ra, Turkiya janubi-sharqidagi Qahramanmarash viloyatining Pazarjik hududida sodir bo‘lgan 7,4 magnitudali zilzila oqibatida mahalliy vaqt bilan soat 06.30 holatiga ko‘ra, mamlakatning yetti viloyatida 76 kishi halok bo‘ldi, 440 kishi jarohat oldi.

Bu haqda 6 fevral, dushanba kuni Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasida (AFAD) ma’lum qilindi.

Departamentga ko‘ra, zilzila dushanba kuni ertalab mahalliy vaqt bilan soat 04.17 da sodir bo‘lgan. Zilziladan so‘ng, soat 06.30 holatiga ko‘ra, 42 ta yer silkinishi qayd etilgan, eng kuchlisi 6,6 ballni tashkil qilgan.

Mamlakatda eng yuqori ogohlantirish darajasi e’lon qilindi. Rasmiylar xalqaro yordamga murojaat qilishdi.

Turk Qurolli kuchlari Bosh shtabi qutqaruv guruhlarini tashish uchun falokat hududiga ikkita samolyot yubordi.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Adana, Malatya, Gaziantep, Diyarbakir, Hatay, Adiyaman, Usmoniya va Shanliurfa viloyatlari hokimlari bilan telefon orqali muloqot qildi. Davlat rahbariga zilzila oqibatlari, qidiruv-qutqaruv ishlari haqida ma’lumot berildi.

 

O‘zA