Toshkentdagi “Rossiya uyi” maydonida RFning O‘zbekistondagi savdo vakolatxonasi qoshidagi Ishbilarmonlar klubining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir doirasida “Magnit” kompaniyasining mamlakatimizdagi faoliyati formatini kengaytirish masalasi hamda yengil sanoatdagi kooperatsiya istiqboli muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar Jizzaxdagi Rossiya – O‘zbekiston texnoparki bilan tanishdi.

– Biz ishbilarmonlar klubi dolzarb masalalarni, masalan, O‘zbekiston bozorida ishlashning o‘ziga xos xususiyatlarini muhokama qilish, uchrayotgan to‘siqlarni bartaraf etish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashish uchun amaldagi doimiy maydonchaga aylanishiga ishonamiz, – dedi savdo vakili Konstantin Zligostev.

Tomonlar joriy yil aprel oyida Toshkentda uchinchi bor o‘tkaziladigan “INNOPROM. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga tayyorgarlik jarayonini ham ko‘rib chiqdilar.


G.Abdullayeva, O‘zA