Xalq banki tomonidan nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bank tomonidan 2022 yilda tashkil etilgan Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiyalar universiteti Toshkent filialini tashkil etishda moliyaviy ko‘mak ko‘rsatildi.

– Bundan tashqari talabalarimizning aksariyati bank kreditlaridan foydalangan holda shartnoma pullarini to‘lagan, – deydi universitet rektori Shavkat Mavlonov. – Bu esa ilmga chanqoq yigit-qizlarning orzulari ushalishi va oliy ta’lim olishi uchun ko‘rsatilgan yordam, g‘amxo‘rlikdir.

Ta’lim muassasasida asosiy e’tibor ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalarni rivojlantirish orqali iqtisodiyot va insoniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan kelajak yetakchilarini tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, darslar o‘zbek va rus tillarida olib boriladi. Universitetda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari, iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi va audit, soliqlar va soliqqa tortish, kompyuter injiniringi, pedagogika va psixologiya, xorijiy til va adabiyot (ingliz tili), boshlang‘ich ta’lim, tarix kabi yo‘nalishlar mavjud.

Kelgusida xorijiy tillar yo‘nalishida nemis, fransuz, turk, fors tillari bo‘yicha ta’lim berishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shuningdek, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribalari asosida doimiy rivojlanishni ta’minlash, o‘quv jarayonlariga dunyoning yetakchi oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan professor-o‘qituvchilarni jalb etish, milliy va xalqaro ta’lim reytinglarida munosib o‘rinlarni egallash maqsad qilingan.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA