O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri, shuningdek Bo‘zatov, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Qonliko‘l, Mo‘ynoq, Nukus, Taxiatosh, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Chimboy va Shumanay tumanlarida sharoiti og‘ir oilalar, fuqarolar qo‘llab-quvvatlanadi hamda ovul va mahallalar infratuzilmasi rivojlantiriladi.

Bu ishga Respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahri jalb qilingan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi barcha ovul va qishloqlardagi aholi turar joylari hamda ichki yo‘llar holati bo‘yicha o‘tkazilgan xatlovda og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli 21 094 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash (yopish) hamda 709 ta yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy-joyni yangidan qurish, shuningdek, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga biriktirilmagan Amudaryo, Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtkul tumanlaridagi 2 ming kilometr tuproq yo‘llarga qum-shag‘al yotqizish ishlari markazlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.

Nukus shahri, shimoliy hamda janubiy tumanlardagi ro‘yxatga kiritilgan uylarda amalga oshiriladigan ishlar parametrlari aniq.

Mazkur qarorda belgilangan chora-tadbirlarni qisda muddatlarda yakunlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK DUKga pudratchi va loyiha tashkilotlari, shuningdek, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchilar uchun maxsus axborot portalida tanlov o‘tkazish to‘g‘risida e’lon joylashtirmasdan eng yaxshi takliflarni tanlash orqali aniqlash vakolati berilgan.

Barcha vazifalar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun joylarda jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi va amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar keng jamoatchilikka yetkazib boriladi.

                                                                                                  O‘zA