So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimiga nodavlat va xususiy sektor, shuningdek, ko‘plab xorijiy oliy o‘quv yurtlari va filiallarining kirib kelishi ijobiy holat bo‘ldi. Bir jihatdan oliy ta’limning qamrovi kengaysa, ikkinchidan, davlat va nodavlat ta’lim muassasalari o‘rtasida ijobiy ma’nodagi o‘zaro raqobat ta’minlanadi.

Qolaversa, tizimda bozor qonunlari ishlay boshlaydi. Zero uning natijasi muhim hisoblanadi. Chunki har bir oliy o‘quv muassasasi sifatli kadrlar tayyorlash uchun kurashadi. Raqobat va bozor sifatsiz mahsulotlarni yoqtirmaydi. Natijada raqobatbardosh kadr yaratish har bir oliy ta’lim muassasasining asosiy maqsadiga aylanadi. Natija kutilganidek yuqori bo‘ladi. Shularning o‘ziyoq ta’limdagi islohotlar chuqur o‘ylangan holda olib borilayotganini anglatadi.

Yana bir ma’lumot. bugungi kunda Xalq banki tomonidan ham ta’limni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy ko‘mak berish borasida qator ishlar olib borilyapti. Bugunga qadar moliya muassasasi respublikadagi 10 ga yaqin ta’lim dargohlari bilan ishlab kelmoqda. Shunday islohotlar natijasida ko‘plab nodavlat ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda.

Joriy yilning 1 fevral kuni Xalq banki tomonidan jurnalist va blogerlar uchun Toshkent viloyati Angren universitetining ochilish marosimiga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi. Angren universiteti Xalq bankining yirik mijozlaridan biri bo‘lgan xususiy oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi.

Bundan tashqari, Xalq banki ta’lim muassasalarining samarali faoliyatida ko‘maklashish barobarida, OTMda tahsil oladigan talabalar o‘qishiga ham moliyaviy ko‘mak berib kelmoqda. Jumladan, 2022 yilda tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlarining 40 foizi Xalq banki tomonidan amalga oshirilgan. Bank tomonidan 52 mingga yaqin talabaning to‘lov kontrakt puli to‘lab berildi. Shundan 78 foizi xotin-qizlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

– Shuni alohida aytish joiz, ushbu universitet Xalq banki moliyaviy ko‘magida tashkil etildi, – deydi Angren universiteti rektori Komiljon Sindorov. – Bularning barchasi banklar xalqqa xizmat qilayotganining namunasi. Bundan tashqari hozirda universitetimizda 2 ming 500 ta talaba tahsil olayotgan bo‘lsa, ularning 70 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Talaba qizlarimizning 100 foiz to‘lov kontrakt pulini Xalq banki to‘lab berdi. Eng muhimi bugungi kunda banklar, xususan Xalq banki xalqimizga xalqchil xizmatini ayamayapti. Keyingi o‘quv yiliga yo‘nalishlar sonini ko‘paytirish va magistratura bosqichini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz. Universitetning asosiy maqsadi jamiyatimizga raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashdir.

Ma’lumki, Angren shahri geografik joylashuvi bo‘yicha Toshkent viloyatining barcha tuman va shaharlariga qulay joylashganligi, Farg‘ona vodiysi bilan chegaradoshligi, mo‘tadil iqlim sharoitlariga ega ekani sababli talabalar tahsil olishlari uchun juda qulay.

Universitetda talabalar uchun barcha kerakli bo‘lgan sharoitlar to‘liq yaratilgan. Talabalar turar joyi, kutubxona, sportzal, axborot resurs markazi to‘liq jihozlangan. Ta’lim sifatini nazorat qilish maqsadida har bir o‘quv xonalari kuzatuv kameralari bilan jihozlangan bo‘lib, har bir dars mas’ullar tomonidan nazorat qilinishi yo‘lga qo‘yilgan.

O‘quv reja va dasturlar tayanch oliy ta’lim muassasalari bilan kelishilgan bo‘lib, xorijiy tajriba asosida shakllantirilgan. Dars mashg‘ulotlarini interaktiv tarzda tashkil etish maqsadida xonalar oxirgi rusumdagi elektron doskalar bilan jihozlangan.

bugungi kunda universitetda 8 ta ta’lim yo‘nalishi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, davolash ishi, maktabgacha ta’lim, boshlang‘ich ta’lim, pedagogika va psixologiya, milliy g‘oya ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi, moliya va moliyaviy texnologiyalar, iqtisodiyot (tarmoqlar va soha bo‘yicha), xorijiy til va adabiyoti.

Press-turda qayd etilishicha, 4 yanvardan 15 yanvarga qadar onlayn hamda oflayn tarzda abituriyentlardan jami 4 ming 200ga yaqin hujjatlar qabul qilindi. Tanlov natijalariga ko‘ra 2 ming 500ga yaqin talabalar universitetga qabul qilindi. Ayni paytda professor-o‘qituvchilar tarkibi yosh, iqtidorli xodimlar bilan to‘la shakllantirildi. 70 ga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.

– Men ham talabalik baxtiga musharraf bo‘ldim, – deydi Angren universiteti talabasi Shahnoza Komilova. – O‘tgan yili Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga hujjatlarimni topshirgan edim. Ammo, o‘qishga kira olmadim. Angren universitetiga hujjatlarimni topshirdim. Davolash ishi yo‘nalishiga o‘qishga kirdim. Endi men ham talabaman. Kelajakda rejalarim ko‘p. Shu sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib, xalqimizga vijdonan xizmat qilaman. Davlatimiz tomonidan xotin-qizlarni o‘qitish borasida ham ko‘p imtiyozlar yaratilganiga amin bo‘ldim. Xalq banki to‘lov kontrakt pulini to‘lashda yordam berdi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA